Avtobus haydovchisining onasi va rafiqasi ushbu fojea bilan bog`liq yana bir necha tafsilotlarni xabar qilishdi.
Aqto`be fojeasida jabrlanganlardan biri, avtobus haydovchisi Maksat Pernebekovning onasi kechirim so`radi, deb xabar qilmoqda, Qozog`istonning Informbyuro 31, telekanali.
“Men o`zbek xalqidan kechirim so`rayman, boshimni egib”, — dedi Maksat Pernebekovning onasi ko`zlarida yosh bilan.
Haydovchining rafiqasi ham telekanalga aytishiga qaraganda, ular avtobusdan tushishi bilan kuchli portlash yuz bergan, shuning uchun ular eshikni ochishga ham, yo`lovchilarga yordam berishga ulgurmagan.
Shuningdek, haydovchi yaqinlari bo`lib o`tgan voqeaning yana bir necha tafsilotlarni xabar qilishdi. Xususan, fojeadan 3 soat oldin Maksat uydagilarga video xabar yuborib unda havo qattiq sovuqligini va dvigatel harorati past ekanligini xabar qilgan.
“Salom qadrdonlar, mana Araldan o`tdik. Irgizgacha 170 km qoldi. Juda sovuq, —40 yoki —45 men ikkita kurtka kiyganman, yo`l muzlagan, tezlik 50 km/soat, radiator harorati esa 60 gradus”, — degan Maksat o`z xabarida.
Haydovchining yaqin qarindoshlari aytishiga qaraganda, u yollanma ishchi bo`lgan. Setra avtobusi egasi Mextiev unga bir qatnov uchun 60 ming tangagacha maosh to`lagan. Lekin ko`p vaqt avtobusni ta`mirlashga ketgan. Sug`urta va texnik ko`rik masalalari bilan avtobus egasining o`zi shug`ullangan.
Eslatib o`tamiz, avtobus egasi Orduxan Mextievning ushbu avtobusda odam tashish uchun lisenziyasi bo`lmagan. Avtobus texnik ko`rigi muddati tugaganiga salkam 2 yil bo`lgan.