Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov qaroriga ko`ra, poytaxtdagi ichimlik suv ta`minoti xizmatlari tariflariga 100 so`m/m kub. miqdorida maxsus ustama haq belgilandi. Bu haqda shahar hokimi joriy yilning 12 yanvar kuni imzolagan 69-son qarorida shunday deyiladi.
Qarorda ma`lum qilinishicha, Toshkent shahrida 1 m.kub suv uchun endilikda 600 so`m to`lanadi. Gap shundaki, Uy-joy kommunal xo`jaligini rivojlantirish jamg`armasi mablag`larini shakllantirish manbalaridan biri sifatida ichimlik suv ta`minoti xizmatlari tariflariga maxsus ustama haq belgilanishi nazarda tutilgandi. Aynan mana shu vazifani bajarish maqsadida ichimlik suvi uchun to`lanadigan narx oshirilmoqda.
Ichimlik suvi hisoblagichini o`rnatmagan iste`molchilardan suv ta`minoti xizmati uchun oshirilgan miqdorda, ya`ni 1,5 barobarda to`lov undiriladi. Masalan, bir oyda maxsus ustama haq bilan hisoblaganda o`rtacha 9948,5 so`m to`laydi.
Ichimlik suv ta`minoti xizmatlari tariflariga belgilangan maxsus ustama haq summasi maqsadli tushum hisoblanadi, barcha soliq turlarini va boshqa majburiy to`lovlarni hisoblashda soliqqa tortiladigan bazaga kiritilmaydi, shuningdek, suv ta`minoti tashkilotlarining moliyaviy natijalari to`g`risidagi hisobotda aks ettirilmaydi.