Farg`onada “Ekologik toza mahsulotlar bilan jahon bozoriga” mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo`lib o`tdi. Anjumanda Andijon, Namangan va Farg`ona viloyatlaridan yosh fermerlar, qishloq xo`jaligi mutaxassislari va yoshlar ishtirok etdi, deb yozadi O`zA.
Yurtimizda etishtirilayotgan meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlari sarxil va xushta`mligi, eng muhimi, foydali va to`yimliligi bilan jahon bozorida xaridorgir. O`tgan yili birgina Farg`ona viloyatining o`zida 138 million 462 ming dollarlik 185 ming tonnadan ziyod meva-sabzavot eksport qilingani ham buni yaqqol ko`rsatib turibdi.
Farg`ona tumanidagi “Oq tulpor” fermer xo`jaligi 800 ming dollarlik mahsulot eksport qilib, yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlardan samarali foydalanmoqda.
– Mamlakatimizda etishtirilayotgan organik-ekologik toza mahsulotlarga jahon bozorida qiziqish tobora ortmoqda, – deydi Quvasoy shahridagi “Fayz Gulbahor obod” fermer xo`jaligi rahbari Shahboz Hojirahmatov. – Xo`jaligimizda ham zamonaviy texnologiyalar asosida meva-sabzavot etishtirishni yo`lga qo`ymoqdamiz. Bugungi seminarda olimlar va qishloq xo`jaligi mutaxassislari mahsulot etishtirish va uni eksport qilish borasida qimmatli maslahatlar berdi.
22.01.2018 17:45
Vodiylik yosh fermerlar qishloq xo`jaligi mahsulotlari eksportini yo`lga qo`ymoqchi






