O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 22 yanvardagi Farmoni bilan qabul qilingan “Faol tadbirkorlik, innovasion g`oyalar va texnologiyalarni qo`llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi xalqimiz tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Qarorda nazarda tutilgan o`zgarishlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama etilmoqda, deb yozadi O`zA.
Ayniqsa, O`zbekistonda vaqtinchalik yoki doimiy propiskasiz fuqarolarni ishga qabul qilishdagi taqiq bekor qilinishini ko`pchilik katta xushxabar sifatida qabul qildi. Foydalanuvchilardan biri Zafar Yoriev bu xabarni “Yilning eng yaxshi yangiligi!” deb atadi.
Normurod Hamroev “Haqiqatdan ham ajoyib yangilik! Endi yurtdoshlarimiz davlatimizning hohlagan joylariga borib qonuniy tartibda o`z yashash joylari propiskalari bilan ishga joylashish imkoniyatiga ega bo`ldi. Xususan, Vatanimiz poytaxti Toshkent shahrida ham. Zero, poytaxtimizda ishlash imkoniyatlari keng va ishchi o`rinlari bisyor. Oldin proropiskasi bo`lmasa ishga qabul qilinmasligi minglab yurtdoshlarmiz mutaxasisliklari bo`yicha ishga joylasha olmasligiga sabab bo`layotgan edi. Muhtaram Yurtboshimizning qarorlarida qayd etilgan ushbu imkoniyatlarni faqat tabriklash kerak!” deb yozgan.
Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo`lmagan fuqarolarning uy-joy sotib olishiga oid cheklovlar bekor qilinganini esa ko`pchilik yurtdoshlarimiz qizg`in qo`llab-quvvatlamoqda.
“Otasiga rahmat, shu qarorni imzolaganning, – deb fikr qoldirgan foydalanuvchilardan biri Faxriddin Turdiev. – O`zbekiston fuqarosi xohlagan joyida yashashi kerak. Qanday yaxshi xabar! Shu vaqtgacha viloyatliklar kamsitib kelingandi. Axir shu yurt uchun ishlasak, shu yur uchun soliq to`lasak, nima uchun vatanimiz poytaxtidan uy-joy olib yasholmaymiz, degan fikr qiynardi meni. Bugun armonlarimiz ushalgan tarixiy kun bo`ldi”.
Obodon Reyimboeva esa “O`zbekiston fuqarolarining konistitusiyaviy huquqlari tiklanishiga asos solinibdi. Viloyatlarni ajratib tashlanishining oldi olinibdi. Endi Toshkent shahri taraqqiyotiga yanada keng yo`l ochilibdi”, deb fikr qoldirgan.
Biroq, foydalanuvchilar orasida ayrim qarshi fikrlar ham ko`zga tashlandi. Nodir G`ulomov “Yana boshlandi toshkentliklarni xor qilish propisasi borligi uchun. Shunchalik aqlli, o`qimishli ekansiz, o`z ota-buvalaringizning erini rivojlantiringlar”, deb fikr qoldirgan.
Durdona Yo`ldoshxo`jaeva esa “Toshkentda ishlash bemalol degani tug`ilgan yurtingni tashab ketish degani emas”, deb yozgan.
Bunday fikrlarga javoblar ham o`z-o`zidan qoldirilgan sharhlarda uchraydi. Shahnoza A`zamovaning “Men toshkentlikman, sen vodiyliksan, degan gaplar tugamaguncha bizning birimiz ikki bo`lishi qiyin. Hammamiz bir yurt farzandimiz, bir-birimizga hurmatda bo`lishimiz kerak”, degan fikrida jon bor, albatta.
Bunday fikrlarni Nurxon Aldiyorova ham davom ettirgan: “Aziz vatandoshlarim, aka-uka, opa-singillarim. Sizlarning qoldirgan fikrlaringizni o`kib hayron qoldim. Nahotki, shu gaplar ko`ksi osmon, beg`ubor, mehmondo`st, mehri daryo o`zbegimdan chiqayotgan bo`lsa?! Yurtboshimizning chiqargan karori shu yurtning, avvalambor, biz xalqning ravnaqi, tinchligi uchundir! Biz aql bilan ish qilsak, bir yoqadan bosh chiqarsak, jipslashsak, shundagina buyuk davlat bo`lamiz! O`zbekiston farzandlarimiz, shuni unutmaylik, azizlarim!”
Muzaffar Ubaydullaev ham mahalliychilikdek illatga nuqta qo`yish maqsadida “Yurtimiz ichida bir-birimizga sun`iy farqlanishni qo`llasak, bir tan, bir jon bo`lmasak, tashqaridan kim bizni hurmat qiladi?”, deb barchaga murojaat etgan.
Sardor Siddiqov: “Agar viloyatlarda tez-tez sharoitlar yaxshilansa, propiska hech kimga kerak bo`lmasdi. Axir hamma o`z tug`ilgan erida yashashni va ishlashni xohlaydi. Toshkent sitiga ketadigan pulni balki viloyatlarga ishlatish kerakdir?”.
Xayrullo Azimov esa “Barcha hududlarga soliq va moliyaviy preferensiyalar berilsa, respublikaning bir tekis rivojlanishi uchun keng yo`l ochiladi. Ko`pchilik Toshkentdan viloyatlarga biznesini ko`chiradigan yoki kengaytiradigan davr ham keladi”, degan fikrda.
Aziza Rahimova “Uyimni o`z nomimga o`tkazaman, endi!”, deb fikr qoldirgan bo`lsa, Laziz Soibov “Uch yildan buyon uyim birovning nomida edi. O`z uyimda o`zim ijarada yashayotgandim. Endi bunga chek qo`yiladi”, deb yozgan.