Diniy ekstremistik tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan, degan ayblov bilan 3 yilga qamalgan Umid Abdullaevga nisbatan chiqarilgan sud hukmi o`zgartirilib, u 4 oyu 22 kunda qamoqdan chiqarildi, deb yozadi O`zA.
To`g`risi, ochiq sud majlisida ishtirok etganlarning aksariyati Jizzax viloyati apellyasiya instansiyasi sudlov hay`atining bu taxlit ajrim chiqarishini kutmagan edi. Chunki Umidga ancha og`ir jinoyat – terrorizm bilan bog`liq diniy ekstremistik tashkilot faoliyatida ishtirok etganlik aybi qo`yilgan edi.
Paxtakor tumani "Dilorom" mahalla fuqarolar yig`inida istiqomat qiluvchi 33 yoshli Umid Abdullaevni oilasida ham, mahallada ham hech kim yomon yigit demaydi. Oilali, ikki farzandi bor. Rossiya Federasiyasida ishlab yurgan paytida “Turkiston islomiy harakati” deb ataluvchi diniy ekstremistik tashkilotga a`zo bo`lgan shaxslar davrasiga tushib qolib, ularning videotarg`ibot materiallari bilan tanishadi. Tergov davomida ushbu tashkilotning faoliyatida ishtirok etgan, deb topiladi va bu bir necha guvohning ko`rsatmasi bilan tasdiqlanadi.
Garchi U.Abdullaev o`ziga qo`yilgan ayblarni qisman tan olgan bo`lsa-da, sud tomonidan Jinoyat kodeksidagi og`ir jazo belgilangani, engillashtiruvchi jihatlar hisobga olinmagani sababli hukmga norozilik bildirdi.
Prokuraturaning sud hukmini o`zgartirish bo`yicha kiritgan protesti va U.Abdullaevning advokati tomonidan apellyasiya tartibida yozilgan shikoyat asosida ish qayta ko`rib chiqildi. Ishni qayta ko`rib chiqishni so`rab, u yashaydigan mahalla, tumandagi jamoat tashkilotlari ham sudga iltimosnoma bilan murojaat qildi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Paxtakor tumani sudi binosida o`tkazilgan viloyat apellyasiya instansiyasi hay`ati ochiq sud majlisida jinoyat tafsiloti jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi. Sud muhokamasida Jinoyat ishlari bo`yicha Jizzax viloyati sudi tomonidan U.Abdullaevga qonuniy jazo berilgani e`tirof etildi.
Biroq sud U.Abdullaevga nisbatan jazo qo`llashda O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 8-moddasida ko`rsatilgan jinoyatni sodir etishda aybdor hisoblangan shaxsga nisbatan qo`llanilgan jazo yoki boshqa huquqiy ta`sir chorasi odilona bo`lishi, ya`ni jinoyatning og`ir-engilligi, aybning va shaxsning ijtimoiy xavflilik darajasiga muvofiq bo`lishi lozimligi haqidagi talablarga rioya qilmagan. Shuning uchun apellyasiya instansiyasi hay`ati prokuratura tomonidan protestni, ayblanuvchining advokati fikrlarini muhokama qilib, uni qanoatlantirishga qaror qildi.
Shu o`rinda bunday jinoyatlar bo`yicha har qanday norozilik yaqin vaqtlargacha hisobga olinmaganini ham qayd etish lozim.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag`ishlangan tantanali yig`ilishda ta`kidlaganidek, har bir hukmning qonuniy va adolatli bo`lishini ta`minlash maqsadida jamoatchilik fikrini inobatga olish amaliyoti yo`lga qo`yilmoqda.
Mamlakatimiz sud tizimida ro`y berayotgan bunday o`zgarishlar tufayli Umidning ham adolatga bo`lgan umidi ro`yobga chiqdi.
Viloyat apellyasiya instansiyasi sudlov hay`ati mazkur jinoyat ishidagi engillashtiruvchi jihatlarni, mahalladan berilgan ijobiy tavsifnomani, O`zbekiston yoshlar ittifoqi tuman kengashi, “Nuroniy” jamg`armasi tuman bo`limining iltimosnomalarini inobatga olib, U.Abdullaevga chiqarilgan hukmni o`zgartirdi.
Unga nisbatan oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
U.Abdullaev 2017 yil 2 sentyabrdan 2018 yilning 23 yanvari, ya`ni apellyasiya sudiga qadar 142 kun – 4 oy 22 kun qamoqda o`tirdi. Sud uning qamoqda o`tirgan har bir kunini axloq tuzatish ishlarining uch kuniga tenglashtirib, jazoning 1 yilu 2 oy 6 kuni o`talgan, deb hisobladi. Qolgan 1 yilu 9 oy 24 kun axloq tuzatish ishlariga almashtirilib, u sud zalidan ozod qilindi.
– Avvalo, Prezidentimizga men kabi adashgan fuqarolarni kechirib, xatolarini tuzatishga imkon yaratib bergani uchun chin yurakdan rahmat aytaman, – deydi Umid Abdullaev. – Menga ishonch bildirib, jazoni engillashtirishni so`rab sudga murojaat qilgan ota-onam, mahalla, jamoat tashkilotlarining ishonchini oqlashga astoydil harakat qilaman. Vatanimga sodiqligimni o`zimning halol mehnatim bilan isbotlaym
an.
Umidning oilasi bag`riga qaytishi uning ota-onasi, oilasi, bolalari, yaqinlari, do`stlari qalbiga nechog`li quvonch bag`ishlaganini tasavvur etish qiyin emas. Ammo ushbu hayajonli voqeaga guvoh bo`lganlar, davlatimiz tomonidan inson manfaatlari eng oliy qadriyat sifatida qaralayotgani sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarda aks etayotganini ta`kidladi.