AsosiyJamiyat

Ijtimoiy so`rovnoma: O`zbek ayollarining ishbilarmonlik faolligi oshdi

'Ijtimoiy so`rovnoma: O`zbek ayollarining ishbilarmonlik faolligi oshdi'ning rasmi

«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o`rganish markazi tomonidan «O`zbekiston ayollari – 2017: ijtimoiy mavqe va kayfiyat» mavzusida o`tkazilgan so`rovda Harakatlar strategiyasi doirasida qabul qilingan ayollarning ijtimoiy mavqeini yuksaltirishga yo`naltirilgan chora-tadbirlarning nechog`li samara berayotgani aniqlandi. Shuningdek, ayollarning ijtimoiy ehtiyojlari va maqsadlari o`rganildi.

Shahar va qishloq joylarda yashaydigan turli millat, ijtimoiy guruhga mansub, ishlab chiqarishning turfa soha va jabhalarida faoliyat yuritayotgan 18 va undan katta yoshdagi ayollar qatnashgan so`rov natijalari ayollarning mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissa qo`shayotgani, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotning barcha jabhalarida faoliyat yuritayotgani, davlat idoralari va jamoat tashkilotlari ishida faol ishtirok etayotganini ko`rsatdi.

Davlatimiz rahbari tomonidan rivojlanishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi doirasida yuritilayotgan va Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilab berilgan ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot istiqbollari tufayli O`zbekiston ayollari huquq va erkinliklarini ta`minlash uchun qo`shimcha sharoitlar yaratilmoqda, ularning davlat ijtimoiy-siyosiy hayotida ishtirok etishi, ijtimoiy va iqtisodiy faollashuvi, intellektual va ma`naviy etuk bo`lishi, kasbiy va oilaviy majburiyatlarini uyg`unlashtira olishi uchun imkoniyatlar paydo bo`ldi.

Tadqiqot natijalariga ko`ra, so`nggi yillarda ayollarning o`zlarining huquqiy himoyalanganiga ishonchi ortgan. Respondentlarning 81,1 foizi huquqlari buzilsa davlat, ijtimoiy va fuqarolik institutlaridan ko`mak olishi mumkinligini bildirgan. Davlatimizning O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga asoslangan mustahkam huquqiy bazasi ayollarning huquq va erkinliklari samarali ta`minlanishini kafolatlaydi.

Ishtirokchilar bu jarayonda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan fuqarolar bilan faol va ochiq muloqot olib borish tizimi – Xalq qabulxonalari katta ahamiyat kasb etayotganini ta`kidladi.

So`rov natijalari ayollarning munosib va zamonaviy ta`lim olishga barqaror ijobiy munosabatini ko`rsatdi. Aksariyat ishtirokchilar (74,3 foiz) fikricha, zamonaviy ayol uchun oliy ma`lumot muhim ahamiyatga ega.

Bu ko`p jihatdan ayollar uchun mehnat muhim hayotiy qadriyat ekani, ular mehnatni jamiyatda o`z mavqeini belgilash va ijodiy salohiyatini amalga oshirish imkoniyati sifatida qabul qilishi bilan ifodalanadi. Ishtirokchilarning aksariyati ayollar uydan tashqarida haq to`lanadigan ishga ega bo`lishi lozim, deb hisoblaydi. Bu ayolga oilaning moddiy farovonligiga hissa qo`shish bilan birga, iqtisodiy jihatdan mustaqil bo`lish imkonini taqdim etadi.

Tadqiqotlar ayollarning u yoki bu mehnat faoliyati bilan shug`ullanishining asosiy sababini aniqladi. Respondentlarning 41,7 foizi ma`lumoti va malakasiga mos kasbda faoliyat yuritadi, 30 foizini kasbiga xos ijodiy xususiyat jalb etgan, ular o`zlarini qiziqtirgan faoliyat bilan mashg`ul, har o`ninchi ayol esa ishda va oilada o`z majburiyatini uyg`unlashtirish uchun erkin jadval asosidagi ish o`rinlarini tanlagan.

So`rovda qatnashgan ayollarning ko`pchiligi o`zini faoliyat turini o`zgartirishga, yangi kasbni egallashga qodir, deb hisoblaydi. So`rov natijalari monitoringidan ayollarning mehnat munosabatlari faollashgani, 2015 yilda 69,5 foiz bo`lgan ko`rsatkich 2017 yilda 77,9 foizgacha oshgani ma`lum bo`ldi. O`ziga bo`lgan ishonch tufayli mehnat munosabatlari faollashgan respondentlarning aksariyatini yoshlar tashkil etadi.

O`tkazilgan so`rov natijasida O`zbekiston ayollarining faol ishbilarmonlik faoliyatiga jiddiy qiziqishi ma`lum bo`ldi: ishtirokchilarning 20,2 foizi tadbirkor sifatida faoliyat yuritadi, 24,2 foizi esa o`z ishini boshlash istagida. Bundan tashqari, 84,2 foiz respondent ayollar ijtimoiy-siyosiy faoliyat bilan shug`ullanishi kerakligini ma`qullaydi.

So`rov ayollarning aksariyati hayotda muayyan maqsadlarga erishishga intilishini ko`rsatdi. Ishtirokchilarning hayotdagi asosiy maqsadi oila qurish, uning farovonligini mustahkamlash, farzand tarbiyasi, ularni mustaqil hayotga tayyorlashdan iboratdir. Bunda ayollarning asosiy qismi o`z maqsadiga erishishiga, orzu-istaklari ro`yobga chiqishiga qat`iy ishonadi.

«Ayni paytda hayotingizdan nechog`li qoniqasiz?» degan savolga berilgan javob jamiyatda yuzaga kelgan zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning barqarorligi, unga nisbatan ayollarning umumiy hissiy-baholovchi munosabatini bildiradi.

So`rov natijalaridan 88,1 foiz ayollar o`z hayotidan mamnun ekani, 76,1 foizi esa o`zlarini baxtli hisoblashi ma`lum bo`ldi.

Umuman, o`tkazilgan so`rov davlat va jamiyatning barcha sohalarida yuz berayotgan o`zgarishlar, amalga oshirilayotgan demokratik va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar bilan bir qatorda O`zbekiston ayollarining tafakkuri va dunyoqarashi ham o`zgarayotgani, ijtimoiy faolligi va fuqarolik ongi oshayotgani, fuqarolik pozisiyasi va kelajakka ishonchi mustahkamlanib borayotganini ko`rsatdi.

"Ijtimoiy fikr" jamoatchilik fikrini

o`rganish markazi materiallari asosida tayyorlandi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar