Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi akademik liseyda Jinoyat ishlari bo`yicha tuman sudi tomonidan o`tkazilgan sayyor sud majlisida Toshkent tumani Mustaqillik mahallasida yashovchi 17 yoshli Ahrorxo`ja Tursunxo`jaevning jinoyat ishi ko`rib chiqildi, deb yozadi O`zA.
A.Tursunxo`jaev 2017 yil 19 oktyabrda tumandagi G`ishtko`prik mahallasida istiqomat qiluvchi Ruslan Mirzaboevning hovlisidan 600 ming so`mlik tamaki mahsulotlarini, 25 oktyabr kuni shu mahalladagi Olim Toshmatovning mashinasidan 150 dollar va 200 ming so`m, 8 noyabr kuni yana 500 ming so`m pulni o`maradi.
Hech qaerda ishlamaydigan, biror mutaxassislik bo`yicha o`qimay bemaqsad yurgan A.Tursunxo`jaevga tungi sayrlar payti mo`may pul topish yoqib qoldi shekilli, R.Mirzaboevning uyini yana bir bor kechasi "ziyorat" qilishga ahd qiladi. 2017 yil 18 noyabr kuni kech soat taxminan 01:00 atrofida jabrlanuvchining uyiga kiradi. Lekin hovlida turgan avtomashina oynasini sindirayotgan paytda uy egalari tomonidan ushlanib, ichki ishlar idoralariga topshiriladi.
Ahrorxo`ja Tursunxo`jaevga O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.
– A.Tursunxo`jaevga nisbatan qonunda belgilangan tartibda jazo tayinlandi, – deydi Jinoyat ishlari bo`yicha Zangiota tumani sudi raisi O`ktam Xoliqov. – Jabrlanuvchilarga etkazilgan zarar ham to`liq undirildi. Lekin bu kabi sayyor sud majlislarini o`tkazishdan maqsad aybdorga jazo qo`llashni ko`z-ko`z etish emas, balki sodir etgan jinoyatning kelgusida qanday oqibatlarga olib kelishini yoshlar o`rtasida tahlil qilish va zarur xulosa chiqarishdir.
26.01.2018 08:41
Toshkentlik 17 yoshli o`spirin bir oyda bir uyni ikki marta tunamoqchi bo`ldi






