AsosiyJamiyat

O`zbekiston raqamli televideniega o`tish jarayonini yakunlamoqda

'O`zbekiston raqamli televideniega o`tish jarayonini yakunlamoqda'ning rasmi

O`zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligidan ma`lum qilishlaricha, mamlakatimiz aholisini raqamli teleko`rsatuvlar bilan qamrab olish darajasi 100 foizga etdi. Bu O`zbekistonda er usti analog teleko`rsatuvlari davri yakunlanayotganidan dalolat beradi.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 17 iyuldagi "Raqamli teleeshittirishlarga o`tish va er usti analog teleeshittirishlarni to`xtatishga doir amalga oshiriladigan chora-tadbirlar to`g`risida"gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan jadval asosida O`zbekistonning barcha hududlarida er usti analog ko`rsatuvlarning bosqichma-bosqich to`xtatilishi amalga oshiriladi. Birinchi navbatda, analog signal uzatish Toshkentda, 2018 yilning 5 dekabriga qadar esa butun mamlakat bo`ylab bosqichma-bosqich to`xtatiladi.

Mamlakatimizdagi barcha aholi punktlarining raqamli teleko`rsatuvlar bilan qoplanishini ta`minlash maqsadida 500 ga yaqin turli quvvatdagi uzatgichlar jamlanmasi o`rnatildi. Bundan tashqari, xorijiy sun`iy yo`ldosh aloqa operatorining muayyan segmentini ijaraga olish hisobiga aholi uchun raqamli teleko`rsatuvlar xizmatidan keng foydalanish taqdim etildi va olis, borish qiyin bo`lgan aholi punktlariga ham davlat teleradiodasturlarining ommabop ijtimoiy paketini etkazish amalga oshirildi.

Raqamli televideniedan bahra olishni istagan oddiy tomoshabin televizorida DVB-T2 standarti mavjudligini tekshirib ko`rishi zarur. Hozirgi kunda O`zbekistonda ishlab chiqarilayotgan aksariyat zamonaviy televizorlarga ushbu standartni qo`llab-quvvatlovchi raqamli tyunerlar o`rnatilgan. Unga qo`shimcha ravishda oddiy antenna talab qilinadi.

Mamlakatimizda nafaqat raqamli signalni qabul qilish, balki Smart-TV va IP-TV texnologiyalarini ham qo`llab-quvvatlovchi eng so`nggi rusumdagi televizor modellari ishlab chiqarilmoqda. Eski televizor modellari sohiblari uchun maxsus «O`zeltexsanoat» AK korxonalari tomonidan besh yil mobaynida 3 million dona raqamli televizion signallarni qabul qiluvchi moslama ishlab chiqariladi. Bu esa ularning ham raqamli teleeshittirishlar imkoniyatlaridan to`laqonli foydalanishiga imkon beradi.

    Boshqa yangiliklar