AsosiyJamiyat

Cheksiz muhabbat va hurmat namoyishi

'Cheksiz muhabbat va hurmat namoyishi'ning rasmi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludining 80 yilligiga bag`ishlangan tadbir o`tkazildi, deb yozadi «Xalq so`zi».

Deputatlar, Qonunchilik palatasi devoni xodimlari, jamoatchilik vakillari hamda jurnalistlar ishtirok etgan anjumanda buyuk davlat va siyosat arbobining Vatan ravnaqi, xalq farovonligi yo`lida olib borgan islohotlari haqida so`z yuritildi.

Ta`kidlanganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi hamda sa`y-harakatlari bilan mamlakat tarixida o`chmas iz qoldirgan buyuk shaxslarning xotiralarini abadiylashtirish borasida tamoman yangicha yondashuv shakllandi. Ayni paytda yurtimizda o`zining butun hayotini, taqdirini O`zbekiston taraqqiyoti va o`z xalqining baxtu saodati, tinchligi, osoyishtaligini ta`minlashga bag`ishlagan hamda mustaqilligimizning mustahkam poydevorini barpo qilgan, xalqimizning sevimli farzandi va faxri bo`lgan Birinchi Prezidentimiz tavalludining 80 yilligi keng nishonlanayotgani buning amaliy ifodasidir.

Tadbirda mamlakatimizda parlamentarizmning qaror topishi hamda rivojlanishida Islom Karimovning g`oyalari, tashabbuslari va sa`y-harakatlari ulkan ahamiyat kasb etgani alohida ta`kidlandi. Ayniqsa, ikki palatali parlamentning shakllantirilishi Qonunchilik palatasi faoliyatida siyosiy partiyalar fraksiyalarining roli hamda ahamiyatini oshirish bilan bir qatorda, ko`ppartiyaviylik tizimini yanada rivojlantirishga katta turtki bo`lgani aytib o`tildi.

Shuningdek, Oliy Majlisga o`z vakolatlari doirasida hokimiyatning boshqa tarmoqlariga ta`sir ko`rsatish, hukumat faoliyati va ishlarini nazorat qilish yuzasidan real imkoniyatlar berilgani, ishtirokchilar qayd etganidek, olib borilgan siyosat uzoqni ko`zlaganidan dalolatdir.

Tadbirda Birinchi Prezidentimizning hayoti hamda faoliyatiga bag`ishlangan hujjatli film namoyish qilindi.

    Boshqa yangiliklar