– Ustoz, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov shu mahallada tug`ilib o`sganmi?
– Islom Karimov o`qigan maktabga ham kiramizmi?
– Maktab muzeyida Islom Karimov o`tirgan partani ham ko`ramizmi?
– Islom Karimov haykaliga olib borasizmi?
Birinchi Prezidentimiz sharafiga nomlangan Islom Karimov ko`chasi bo`ylab qatnayotgan elektromobil yo`lovchilari – Samarqand shahridagi 71-umumta`lim maktabi o`quvchilarining savollariga birma-bir javob berar ekan, Navro`za Suyarqulovaning hayajoni ortib borardi:
– Bolalar, biz Islom Karimov tug`ilib o`sgan Dahbedi mahallasi yaqinidamiz. Ulug` Yurtboshimizning bolaligi shu erlarda o`tgan. Mana bu – Birinchi Prezidentimiz o`qigan 21-umumta`lim maktabi. Islom Karimov maktabda faqat a`lo baholarga o`qigan, eng faol, etakchi o`quvchi bo`lgan. Turli to`garaklarda, sport musobaqalarida qatnashgan.
Maktab muzeyida Islom Karimovning o`quvchilik yillariga oid juda ko`p ashyolar saqlanadi. Mustaqilligimiz asoschisi bo`lgan Islom Karimov Samarqandda tug`ilib o`sgani, shu erdagi maktabda tahsil olgani hammamizga g`urur va iftixor bag`ishlaydi. Siz ham yaxshi ta`lim-tarbiya olib, Vatanimizga munosib farzandlar bo`lishingiz kerak.
O`quvchilar bir olam taassurotlar bilan Islom Karimov haykali o`rnatilgan xiyobonga etib keldi.
Maskan ziyoratchilar bilan gavjum.
– Samarqandni ziyorat qilish uchun oilamiz bilan Qashqadaryodan keldik, – deydi Qarshi shahrida yashovchi Anvar Sayfullaev. – Nevaralarim Islom Karimov tug`ilib o`sgan shaharni, u kishi o`qigan maktabni ko`rsin, Buyuk Yo`lboshchimiz yurgan yo`llarga qadami tegsin, dedim. Islom Karimov o`z xalqini cheksiz mehr bilan sevdi, hayotini O`zbekistonga xizmat qilishga bag`ishladi. Yo`lboshchimizning xotirasi xalqimiz qalbida adabiy saqlanib qoladi.
Buyuk sarbon yurgan yo`llarda elektromobillar yana bir guruh ziyoratchilarni olib, Islom Karimov ko`chasi bo`ylab ulug`vor maqbara tomon ketdi.
Zilola OMONOVA,
Baxtiyor MUSTANOV (foto)






