Sarlavhadagi bu savolga sabab bo`lgan voqea, ya`ni Surxondaryo viloyati Denov tumanida sodir bo`lgan bir qotillik haqidagi havola feysbuk ijtimoiy tarmog`idagi "Xalq bilan muloqot" guruhida Muhammad Shakur nomi ostidagi foydalanuvchi tomonidan joylashtirilgach, juda ko`p bahs-munozaralarga sabab bo`ldi.
Keling, avvalo havoladagi ayrim izohlar bilan tanishtiraylik...
"BUZUQXONA" (birinchi qism)
“Denovda bir nechta “buzuqxona"lar bor. Ular doim bo`lganligi bir masala, ammo, bu joylar mas`ul idoralarning naqd tumshug`ining tagida faoliyat yuritgani – boshqa masala... Xullas, hamma biladi. Bu erga hatto kollej o`quvchilari ham borishini...
Bir necha kun avval bu erga bir nechta kollej o`quvchisi o`z odatlariga muvofiq, kelishibdi. O`zlari bilan bir maktab o`quvchisini ham olib kelishibdi. Nima bo`libdi-nima qo`yibdi – "buzuqxona"ning “mudirasi” o`sha maktab o`quvchisini pichoq urib o`ldiribdi...
BALOGARDON (ikkinchi qism)
Bunday "buzuqxona"larning faoliyati haqida hamma biladi, ammo biron kor-hol bo`lib qolsa – hamma oppoq. Faqat bitta aybdor – maktab! Maktab direktori va o`sha bola o`qigan sinf rahbari ishdan ketadi, deyishyapti odamlar. Savol: nima uchun? Javob: boshqa kattakonlar, o`sha – hammasini bilib turgan kattakonlar – aybdor bo`lmasligi uchun... Chunki ular kattakon-da. O`qituvchi esa – mayda odam. Holbuki, "buzuqxona"larni yo`qotish kuchiga o`qituvchi ega emas, bu kuchga kattakonlar ega”.
ASLIDA QANDAY BO`LGAN?
Endi bu havola nega bahs-munozaralarga sabab bo`lganini anglagandirsiz?! Mazkur havolani o`qigan kimdir “Fohishaxona kecha yoki bugun tashkil bo`lib qolmagan, hududdagi huquq-tartibot organlari nega o`z vaqtida nazoratga olmagan?” qabilidagi savollarni o`rtaga tashlasa, boshqa foydalanuvchi bu borada o`qituvchini ayblash o`rinsizligini, mahalla mas`ullari, uchastka nozirlari javobgarlikka tortilishini bildirgan. Hatto foydalanuvchilardan biri bu borada xulosa chiqarishga shoshilmaslikni, asl holatga oydinlik kiritish lozimligini qayd etgan. Biz esa faoliyatimiz majburiyatidan kelib chiqib, bu borada huquq-tartibot organining izohini olishga qaror qildik.
Surxondaryo viloyat prokurori, adliya katta maslahatchisi U.Saidov tomonidan taqdim etilgan ma`lumotlar quyidagicha:
— Aliboeva Dilnoza Rustamovna 2018 yil 2 yanvar kuni yashash uyi, ya`ni Denov shahar, "Mehr-oqibat" mahallasi, "Guliston" ko`chasi, 34-uy, 53-xonadonga kirish pod`ezdi oldida, spirtli ichimlik iste`mol qilgan holda, o`ziga tanish bo`lgan voyaga etmagan B.N bilan o`zaro janjallashib qolgan, B.N. uni qo`pol so`zlar bilan haqoratlaganligi sababli, uni qasddan o`ldirish maqsadida o`zi bilan uyidan olib chiqqan oshxona pichog`i yordamida B.N.ning chap ko`krak qismiga bir marta urib, og`ir tan jarohati etkazgan. B.N. olgan og`ir tan jarohati oqibatida hodisa joyida vafot etgan.
Denov tuman prokuraturasi tomonidan 2017 yil 2 yanvar kuni D.Aliboevaga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari viloyat prokuraturasi o`ta og`ir jinoyatlarni tergov qilish bo`limi tomonidan olib borilmoqda.
O`quvchini o`ldirgan ayol aslida kim?
Feysbuk ijtimoiy tarmog`idagi guruhda joylashtirilgan havolada o`quvchiga pichoq sanchib o`ldirgan ayol “buzuqxona” “mudirasi” sifatida keltirilgan. Bu qanchalik haqiqatga yaqin?
Viloyat prokuraturasi tomonidan tahririyatga taqdim etilgan ma`lumotnomada qayd etilishicha, Aliboeva Dilnoza Rustamovna biror-bir ijtimoiy foydali mehnat bilan shug`ullanmasdan muqaddam birinchi marotaba Jinoyat ishlari bo`yicha (JIB) Qumqo`rg`on tuman sudining hukmiga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi (JK)ning 105-moddasi 2-qismi "i" bandida ko`rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 2010 yil 28 oktyabrdagi amnistiya aktiga asosan jazodan ozod qilingan. Ikkinchi marotaba, JIB Denov tuman sudining 2016 yil 18 fevraldagi hukmiga ko`ra, JKning 131-moddasi 2-qismi "a, b" bandlarida ko`rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasiga asosan 3.552.000 so`m jarima jazosi tayinlanib, ushbu jazo JIB Denov tuman sudining 2016 yil 12 oktyabrdagi ajrimi bilan JKning 44-moddasiga asosan 7 sutka qamoq jazosiga almashtirilgan. Uchinchi marotaba JIB Denov tuman sudining 2017 yil 15 sentyabrdagi hukmiga ko`ra, JKning 131-moddasi 4-qismi "b" bandida ko`rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, unga nisbatan JKning 72-moddasiga asosan 2 yil sinov muddati belgilangan.
Ma`lumot uchun
“Qasddan badanga o`rtacha og`ir shikast etkazish”
O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 105-moddasi 2-qismi ana shunday nomlanib, uning “i” bandida bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh a`zosi tomonidan yoxud shu guruh manfaatlarini ko`zlab sodir etilsa, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
"Fohishaxona tashkil etish yoki saqlash"
Sahifamiz “qahramoni” bo`lgan ayblanuvchi ikkinchi marotaba sudlanganda uning aybli deb topilishiga asos bo`lgan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 131-moddasi 2-qismi ana shunday deb nomlanadi. Fohishaxona tashkil etish yoki saqlash — eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan etmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan to`rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
131-modda 4-qismi “b” bandi esa...
Shuningdek, ayblanuvchi uchinchi bor sudlangan holat (JKning 4-qismi, “b” bandi), ya`ni ushbu moddaning birinchi (G`arazli yoki boshqa past niyatlarda qo`shmachilik qilish) yoki ikkinchi qismi (Fohishaxona tashkil etish yoki saqlash)da nazarda tutilgan harakatlar takroran, xavfli residivist yoki ushbu Kodeksning 135 yoki 137-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni ilgari sodir etgan shaxs tomonidan sodir etilgan bo`lsa — besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Yana bir muhim ma`lumot: ayblanuvchi 1991 yili tug`ilgan va ikki nafar farzandning onasi. Shuningdek, voqea 2018 yil 2 yanvar kuni soat 20:00da sodir bo`lganligi ham mazkur ish ko`rilishi jarayonida alohida e`tiborga olinadigan dalildir. Demak, masala ancha chigal va tergov harakatlari davomida haqiqiy aybdorlarni ishga jalb qilish etarlicha xolislik hamda adolatni talab etadi. Ammo buni vaqt ko`rsatadi. Hozir esa mavzuning ikkinchi tomoniga e`tibor qaratsak...
Kim aybdor?
Yuqorida ta`kidlangani kabi ushbu holat haqida ijtimoiy tarmoqdagi guruhga joylangan havolada foydalanuvchilar tomonidan bildirilgan munosabatlarni inkor etmagan holda biz ham hodisaga oid o`z mulohazalarimizni bayon etishni lozim topdik.
Birinchidan, holat jabrlanuvchisi o`quvchi bo`lgani uchun ko`pchilik foydalanuvchilar jinoiy ishni ko`rish jarayonida aybdorlik maktab ma`muriyati va o`qituvchi zimmasiga tushishidan xavotirdaligi o`rinli. Shunday ekan, avvalo bu holatning soat 20:00 da sodir bo`lganiga e`tibor qaratish lozim. Agar olib borilayotgan tergov harakatlari davomida voqea sodir bo`lgan ana shu vaqt e`tiborga olinsa, bu borada maktab ma`muriyati va o`qituvchining aybdor bo`lishiga asos bor yoki yo`qligini anglash qiyin emas.
Ikkinchidan, holat yuzasidan joylangan havola muallifi Denovda fohishaxonalarning faoliyat yuritishi va aynan o`sha holat sodir bo`lgan kuni o`z odatlariga muvofiq kollej o`quvchilari bu erga kelganligini qayd etgan. Ammo bu prokuratura organi taqdim etgan ma`lumotlarda aks etmadi. Agar bu asos ham tergov harakatlarida o`z isbotini topsa, bir o`quvchi yigitning hayotdan erta ko`z yumishiga sabab bo`lgan beparvolik oqibati aybdorlarini aniqlash qiyin emas. Bunday noxush holatlarni jilovlash, oldini olish, yo`l qo`ymaslik, bu borada nazoratni kuchaytirish asosan o`sha hudud mas`ullarining, huquq-tartibot organlarining zimmasidagi vazifa. Aks holda takror va takror sudlangan ayblanuvchining yana shunday mudhish qotillikka qo`l urishi nimadan dalolat?
Uchinchidan, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bu borada oiladagi tarbiya, farzandning kim bilan muloqotda bo`layotgani, do`stu o`rtoqlariga ham e`tiborli bo`lish muhim ahamiyat kasb etishini bildirishgan. Darhaqiqat, bu borada ota-onalar ham beparvolikka berilmay, farzandning har qadamidan xabardor bo`lib tursa, bu kabi ko`ngilsizliklar yuragimizga og`riq olib kirmaydi.
Bu — holat yuzasidan ijtimoiy tarmoqda tarqalgan va tergov harakatlarida aniqlangan ma`lumotlar doirasidagi mulohazalarimiz. Ammo so`nggi so`zni huquq-organlari aytishadi. O`ylaymizki, aytilajak so`nggi so`z, ya`ni holatga huquqiy baho berishda jamoatchilik fikri, ayblanuvchi va jabrdiydaning jamiyatdagi ijtimoiy o`rni chuqur tahlil qilinadi va adolatli qaror chiqarilishi ta`minlanadi.
O`z muxbirimiz






