Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining elektronika va avtomatika fakulteti 3-kurs talabasi Azizjon Ergashev «aqlli issiqxona» deb nomlangan ixtirosi bilan ko`pchilikning e`tiboriga tushgan, deyiladi «O`zA» xabarida.
U yaratgan qurilma issiqxona ichidagi havo harorati va namligini hamda quyosh yorug`lik darajasini bir me`yorda ushlab turishga mo`ljallangan. Qurilmada harorat va namlikni, yorug`lik darajasini o`lchovchi maxsus datchiklar mavjud. Agar havo harorati tushib ketsa, isitish pechlari avtomatik tarzda ishga tushadi, agar harorat shunda ham me`yorga kelmasa, ovozli xabar orqali ogohlantiradi. Harorat me`yorda bo`lganda esa pechlar avtomatik o`chiriladi. Agar xona harorati me`yordan ortib ketsa, «aqlli issiqxona» oynalarini o`zi ochadi. Shunda ham harorat oshishi davom etsa, ventilyasiya tizimi ishga tushib, havoni sovutish jarayoni boshlanadi.
Tuproq namligi pasayganini aniqlagan qurilma avtomatik tarzda sug`orish ishlarini amalga oshiradi. «Aqlli issiqxona» tomidagi pardalar esa quyosh yorug`lik darajasi oshganda qo`l keladi. Barcha ma`lumotlarni qurilma va kompyuter monitorlarida ko`rib turish imkoni mavjud. Qurilma sodda tuzilgan, o`zbek tilida ishlab, pult orqali boshqariladi.
– Mazkur ishlanma X Innovasion g`oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida namoyish etilib, olimlar va ishtirokchilarning e`tiboriga sazovor bo`ldi, – deydi Azizjon Ergashev. – Shu bois ixtironi joriy yilda amaliyotga tatbiq etish ustida ish olib borilmoqda. Kelajakda mazkur ixtironi yanada takomillashtirib, issiqxonaning barcha ma`lumotlarini mobil telefon orqali ko`rish va boshqarishni, uning quyosh batareyalari orqali ishlashini ta`minlamoqchimiz.






