Mamlakatimizda jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlariga ariza, shikoyat va takliflar bilan murojaat qilish bo`yicha konstitusiyaviy huquqlarini to`liq ro`yobga chiqarish yuzasidan barcha imkoniyatlar yaratilgan. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 28 dekabrda qabul qilingan «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to`g`risida»gi farmoniga muvofiq murojaatlar bilan ishlashning sifat jihatidan yangi va samarali tizimi yaratildi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Mazkur tizimning asosi bo`lgan Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari bevosita davlat rahbariga murojaat qilish, xalq bilan doimiy muloqot olib borish, odamlarni qiynab kelayotgan muammolarni hal etishning ta`sirchan mexanizmiga aylandi. Prezident virtual qabulxonasiga o`tgan qisqa davrda 1 million 600 mingdan ortiq murojaat kelib tushgani ham buning yaqqol tasdig`idir.
Bu, bir tomondan, xalqimizning davlat hokimiyatiga va qonun ustuvorligiga bo`lgan ishonchi tobora oshib borayotganidan dalolat bo`lsa, ikkinchi tomondan, jamiyatimizda zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari samarali tatbiq etilayotgani, xalqimizning ulardan foydalanish darajasi yuksalib borayotgani, odamlar yaratilgan imkoniyat va qulayliklardan o`z kundalik hayotida to`g`ri va maqsadli foydalana olayotganini ko`rsatmoqda.
Albatta, hayot bir joyda to`xtab turmaydi. Ayniqsa, axborot va kommunikasiya texnologiyalari tez sur`atlar bilan rivojlanib borayotgan bugungi shiddatli davrda ko`zlangan maqsadlarga erishish yo`lida ilm-fan va texnika yutuqlaridan keng foydalanish aholiga yangi va qo`shimcha qulayliklarni yaratish imkonini beradi. Shu ma`noda, o`tgan davrda murojaatlar bilan ishlash tizimida to`plangan katta tajriba va o`tkazilgan chuqur tahlillar, fuqarolarimizning bu boradagi fikr-mulohazalari, talab va istaklaridan kelib chiqqan holda virtual qabulxona dasturiy tizimini yanada takomillashtirish ustida ish olib borildi. Binobarin, 2017 yil 11 sentyabrda yangi tahrirda qabul qilingan O`zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risida”gi qonunida ham murojaatchilar uchun qo`shimcha qulayliklar yaratish ko`zda tutilgan edi.

Shular asosida Prezident virtual qabulxonasi dasturiy tizimining yangi talqini ishlab chiqildi va 1 fevral kuni test rejimida ishga tushiriladi. Sayt manzili o`zgarmagan – pm.gov.uz. Bunda «pm» qisqartmasi – «Prezidentga murojaat» tarzida talqin qilinadi.
Murojaat yuborish shakli ham o`zgarmagan: murojaatlarni 0-800-210-00-00 yoki 10-00 qisqa raqamlariga qo`ng`iroq qilish, pm.gov.uz manzilidagi maxsus murojaat shaklini to`ldirish orqali yoxud Xalq qabulxonalariga tashrif buyurib yuborish mumkin.






