“Olmota-Bishkek-Toshkent-Termiz” avtomobil yo`lida foto va video qayd etish texnika vositalari to`liq ishga tushdi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar qildi.
Toshkent viloyati hududidan o`tgan M39 “Olmota-Bishkek-Toshkent-Termiz” avtomobil yo`lining 806-871 km.lari oralig`ida maxsus avtomatlashtirilgan fotoradarlar o`rnatilib, joriy yilning 20 yanvar kunidan buyon sinov tariqasida foydalanilayotgan edi.
Endilikda mazkur avtomobil yo`liga o`rnatilgan fotoradarlar shu oydan boshlab to`liq ishga tushirildi.
Yo`l harakati qoidasini buzgan haydovchilarni aniqlashga mo`ljallangan mazkur maxsus avtomatlashtirilgan fotoradarlar qisqa muddatda Toshkent viloyatining barcha shahar va tumanlarida bosqichma-bosqich o`rnatilishi rejalashtirilgan.






