AsosiyJamiyat

​YO`QOTILGAN SAODAT

'​YO`QOTILGAN SAODAT'ning rasmi

—Oyi, bu safar kimning uyida yashaymiz?

Bolalik bahorining ayni avj pallasida ko`zmunchoq ko`zlari kuz kabi g`amgin tortgan ikki bolakayning bu savoli har gal onaning yuragiga tig`day og`ir botadi, ko`ksini nimtalaydi. Aksiga olib bu azob xuddiki u bilan o`chakishday tez-tez takrorlanadi. Chunki har o`n-o`n besh kunda shu ahvol — u biror boshpana topishga majbur. Farzandlari esa uni yana shu savol bilan so`roqlaydi...

Biroq bu ayol har doim ham qorako`zlarining javdiragan nikohlariga boqib, ularga tasalli berishga botinolmaydi. Aybdorlik hissi bunga yo`l qo`ymaydi. Axir, tengqurlari ota-otasining bag`rida tashvish nimaligini bilmay, o`ynab-kulib, erkalik-u beg`araz sho`xliklarga dunyoni to`ldirayotgan bir paytda uning nuridiydalari sarson-sargondonlikda, o`ksib, o`ksinib kun kechirmoqda. U dilbandlariga munosib ona, turmush o`rtog`iga sadoqatli yor, ota-onasiga qobil farzand bo`lolmadi. Yolg`on va`dalar, g`araz niyatlarga uchib, ayollik sha`ni, onalik martabasiga isnod keltirdi.

Baxtning ibtido va intihosi

Gulnora juda baxtiyor edi. Rangin orzular, cheksiz xayollarga boy o`n sakkiz bahorida uning dili muhabbat savdosi bilan tillashdi. Sevganidan mamnun, sevilganidan masrur kezlarda muqaddas oila ostonasiga qadam qo`ydi. Birin-ketin shirindan shakar ikki farzandni dunyoga keltirdi. Hayoti yangi mazmun bilan boyidi. Er-xotin oilaviy novvoychilik ortidan ro`zg`or tebrata boshladi. Oilada totuvlik, fayz, eng muhimi, xotirjamlik hukmron edi.

Ammo baxtli kunlar uzoq davom etmadi.... Gulnora hoyu-havaslarga berilib, arzimas sabablardan urush-janjal chiqaradigan, turmushidan noliydigan bo`lib qoldi. Buning ortidan er-xotin o`rtasida kelishmovchiliklar urchiy boshladi. Na er, na xotin murosaga kelishni o`yladi. Bora-bora turmush o`rtog`i ichkilikka ruju qo`ydi. Har kun mast-alast ahvolda yarim tunda yoki tongga yaqin uyga qaytadigan odat chiqardi. Ayol erining yurish-turishidan norozi bo`lib battar diydiyo qilmasin, bu hech narsani o`zgartirmadi. Qaytaga oilaviy ahvol kundan-kun yomonlashaverdi. Vaziyat shu darajaga borib etdiki, erining do`pposlashlari zarbini ko`tarolmay, Gulnora bir necha bor shifoxonada davolanib chiqdi. Jismiga etkazilayotgan ketma-ketma jarohatlar zahri arib ulgurmay, uning ko`ngli ham qattiq yaralandi: turmush o`rtog`i boshqa ayolga o`ralashib qoldi. Endi uning ruhi ham, vujudi ham mayibga aylandi. Bu kemtiklik oxir-oqibat unga juda katta pand berdi....

Hammasi shundan boshlandi

O`shanda Gulnora Yangiyo`l bozorida odatgidagidek non sotayotgandi. Boshiga tushgan savdolar uning g`amga cho`mgan ko`zlari, siniq nigohi, ma`yus tortgan yuzidan ham bilinib turardi. Kim bilsin, uning bunday tashvishli qiyofasi befarq qoldirmadimi yoki bu shunchaki tasodifmidi, har holda xaridor ayollardan biri undan takalluf bilan hol-ahvol so`radi, yaxshi gaplar bilan ko`nglini ko`tardi. Bunday ovutish dardi dunyoga sig`may ketayotgan Gulnoraning joniga oro kirdi. Shu bahona u ham biroz arzi hol qildi. O`zini Nasiba deb tanishtirgan bu ayol Gulnora bilan yaqindan tanishish istagini bildirdi. Ketar chog`i uni uyiga taklif qilib, manzilini qoldirdi. Ilk uchrashuv shu bilan yakun topdi...

...Gulnora aytilgan manzilga yo`l oldi. Nasiba uni xuddi ko`p yillik qadrdonlarday iliq kutib oldi. O`zaro hol-ahvol so`rashgach, suhbat boshlandi. Nasiba, avvalo, diyonat, din-u ma`rifatdan so`z ochdi. U muloyimlik, vazminlik bilan shu qadar chiroyli gaplar aytar ediki, har bitta so`zni chertib-chertib tanlab gapga tizayotgatganday edi go`yo. Umrida din haqida bu qadar ta`sirli gaplarni eshitmagan Gulnora sehrlanib qolganday edi. Qarshisidagi ayol ko`z o`ngida taqvodor, ko`pni ko`rgan oqila bo`lib gavdalandi. Nasiba buni ilg`adi, uning maqsadi ham aynan shu edi. Ana endi birinchi uchrashuvda chala qolgan suhbatni bafurja davom ettirish fursati etib keldi.

Turmush o`rtog`i qanchalik xo`rlamasin, na onasi, na singlisiga bu haqda sir boy bermay kelayotgan Gulnora yangi tanishiga turmush o`rtog`ining ichib, do`pposlashlari-yu xiyonatlarigacha bir boshdan gapirib berdi. Nasiba ham erinmay uni tingladi. Yig`lab-bo`zlab hasrat qilayotgan Gulnoraga chin dildan achinayotgani, kuyanayotganini goh so`zlaridan, goh ko`zlaridan oshkor etdi. Gulnoraga shariatda er-xotin munosabatlaridagi “farz”lardan va`z o`qidi. Unga “Sen er bilan emas, cho`chqa bilan yashayapsan, do`zaxiy bo`lasan”, deb uqtirdi. Bu so`zlar Gulnoraning quloqlari ostida, yurak-yuragida ancha vaqtgacha jarang sochib turdi...

“Ortiq bunday yashab bo`lmaydi”

Bir kuni Gulnoraning eri odatgidek ichib keldi. Tabiiyki, yana janjal ko`tarildi. Xotin erni haqoratlashdan o`zini tiymadi. Er harchand uning chakagini yopishga urinmasin, foydasi bo`lmadi. Yuziga tushgan tarsakigina Gulnorani javrashdan to`xta oldi. U erining so`kishlarini endi anglamasdi, faqat va faqat quloqlariga shivirlayotgan o`sha tanish ovozni eshitardi xolos: “Sen er bilan emas, cho`chqa bilan yashayapsan, do`zaxiy bo`lasan”. “Yo`q! Ortiq bunday yashab bo`lmaydi, bardosh sindi, sabr tugadi”. Alamzadalik, jahl uning to`zib yotgan o`ylarini ana shu qarorda to`xtatdi. Hech ikkilanmay, ikki farzandini etaklab, uydan arazlab chiqib ketdi. Ota uyiga keldi. Lekin bu erda ham uzoq qololmadi. Chunki ota-onasining shusiz ham dard-u g`ami o`ziga etarli edi. Ota ruhiy kasallikka chalingan, ona esa tun-kun cholining tashvishi bilan andarmon edi. Qolaversa, bir xonali uyda bir amallab hayot kechirayotgan chol-kampirning ro`zg`origa o`zi va bolalari bilan ortiqcha yuk edi.

Yana uyga qaytishdan o`zga imkon topmadi. Odatiy kelishmovchilik uchun ertasini, oilasi va farzandlari taqdirini o`ylamay-netmay eridan yuz burib ketgan notavon ayolni bu gal ham yaxshilik kutmayotgandi. Uni kutib olgan qaynonasi turmush o`rtog`ini Olmotaga ketib, u erda uylanganini aytdi. Uyni bo`shatib qo`yishini talab qildi. Shu lahzada Gulnoraning ko`zlariga dunyo juda tor va juda qorong`u ko`rindi.

Endi nima qilish kerak, dodini kimga aytadi? Ana shu savollar ich-ichini kemirayotgan bir paytda Gulnora xayoliga kelgan o`ydan najot topganday bo`ldi: Nasibaning oldiga boradi. Qandaydir umid va ilinj uni yana o`sha manzil sari etakladi. Nasiba bu safar ham “bechora” ayolni chiroyli so`zlar bilan ovutdi, pand-nasihatlarini ayamadi.

Gulnora Toshkent shahar Olmazor tumani Sebzor mahallasida singlisi Gulchehraning uyida yashay boshladi. Bir kuni uni Nasiba yo`qlab keldi. Shunda Gulchehraning Shohida ismli qo`shnisi ularni o`z uyiga taklif etdi. Bu erda bir necha boshqa notanish ayollar ham jam bo`lgan edi.

Cho`kayotib xasdan ham najot izlaysan, deganlari bor gap. Gulnora ham boshiga tushgan qiyinchiliklar azobida yurgan bir paytda bu ayollarning bir-biridan muloyim, shirin gap-so`zlari, samimiy munosabatlari sabab dardlarini unutganday bo`ldi. Ularga nisbatan qandaydir yaqinlikni his eta boshladi. Bora-bora ular tez-tez ko`rishadigan, uzoq gurunglashadigan bo`lishdi. Lekin endigi uchrashuvlardagi suhbatlar oilaviy majarolar, hayot qiyinchiliklaridan tamoman xoli edi.

Chegara ortida uyg`ongan ilinj...

Gulnora o`zini o`zga olamda his etayotganday edi. Barbod bo`lgan oilasi haqida o`ylamay ham qo`ygandi. Ana shunday kunlarning birida Gulnora turmush o`rtog`i Qozog`istondan qaytayotgani va farzandlarini tortib olmoqchi ekani haqidagi xabarni eshitib qoldi. Singlisini uyida qolsa, xo`jayini uni osongiga topib olishi tayin. Ustiga ustak, Nasiba uning yuragiga battar g`ulg`ula soldi:

— Bu erlardan uzoqroq ketmasang, turmush o`rtog`ing milisiya orqali farzandlaringni olib qo`yadi, o`zingni omon qo`ymaydi.

Gulnora sarosima iskanjasida qoldi. Nasiba esa doimgidek yordamga shay edi. Ikkovlashib Sirg`ali tumanidagi Muslima ismli ayolning uyiga borishdi. Nasiba vaziyatni tushuntirib, undan Qirg`izistonning O`sh shahridagi tanishlarining manzilini oldi. Shunday qilib, ular birgalikda safarga otlanishdi. Yo`lda Nasibaning gapi bilan Gulnora pasportini uning qo`liga tutkizdi. Chegaradan o`tildi...

Muslima bergan manzildagi xonadonda ularni Marziya va Fotima ismli ayol kutib oldi. Nasiba Gulnorani ular bilan tanishtirib, o`zi betobligini ro`kach qildi-yu, bir haftagacha qorasini ko`rsatmadi. Shu vaqt ichida Gulnora begona yurt, begona odamlar davrasida o`zini juda-juda yolg`iz his etdi. Biroq qanchalik noto`g`ri yo`l tutayotganini haligacha anglamadi, (ehtimol, tushunsa ham tan olishni istamadi). Nasiba sog`ayib, uning yoniga qaytishi bilan unga turmush qurishi kerakligi, ayol kishiga bunday yashash gunoh ekanini uqtirdi.

—Turmush o`rtog`im bilan qonuniy ajrashmagan bo`lsak, birovga qanday qilib tegaman?

Nasiba bunga juda tez va juda oddiy javob topdi:

—Din peshvolaridan so`rab-surishtirdim. Senga allaqachon taloq tushib bo`lgan.

Gulnora bu taklifga birdan rozilik bera qolmadi, lekin ustomon Nasiba uning ko`zlaridan mayl uchqunlarini sezdi. Hozircha shuning o`zi kifoya edi. Shu bois uni bu ishga unchalik shoshirmadi. Lekin O`zbekistonga qaytgach, Gulnorani Hoji ismli kishiga nikohlantirib qo`yishning uddasidan chiqdi. Yangi oilaviy hayotga ko`nikish Gulnora uchun oson bo`lmadi. Bu gal ham sabri, irodasi bo`shlik qildi. Birinchi turmush o`rtog`iga o`g`li orqali yashab turgan manzilini xat orqali yozib yubordi. Ko`nglida ham hadik, ham qandaydir iliqlik, intiqish bilan sobiq erini kuta boshladi. Vaqt uni uzoq kutdirmadi: ertasi kuniyoq uning qarshisida farzandlarining otasi paydo bo`ldi. Hammaning o`z ko`ngli tortadigan insoni bor, undan qancha azob-uqubat ko`rmasin, baribir uni deyaveradi. Gulnora ham shu topda qalbiga, jismiga etkazilgan jarohatlarni unutdi-yu o`zini xuddi bir paytlardagidek oshiq-u beqaror sezdi. Ayriliq uning sevgisini yanada alangalatgandi. U yorining bag`riga otilmoqchi bo`lib, bir qadam tashladi-yu.... darhol to`xtadi. Axir u qarshisidagi jondan sevgan yaqiniga endi begona...

Gulnora o`zining avvalgi hayotini juda-juda qo`msardi. Ammo na birinchi turmushiga qaytolardi, na ikkinchi turmush o`rtog`i bilan yashab ketolardi. Oxirini o`ylamay tutgan ishi oxir-oqibat uni yana sarson-sargondonlikka ro`para etdi. Goh u, goh bu tanishining uyida yashashga majbur bo`ldi. O`zi-ku mayli, hali aqlini tanib ulgurmagan o`g`il-qiziga bundan juda ko`p ozor etdi.

Shunda ham to`g`ri xulosa chiqarmagan bu ayol qiyinchiliklardan xalos bo`lish yo`lini yana turmushga chiqishda deb bildi. Uchinchi yangi oilaviy hayot. Bu galgi rishtalari sababini ham Gulnoraning mustahkam oila qurish orzu-istagi bilan bog`lash to`g`ri bo`lmaydi. Chunki Gulnora bir oilaning baxtiga chang solgandi. Uning navbatdagi turmush o`rtog`i rafiqasidan qonuniy ajrashmagan edi. Shunda ham endi hammasi yaxshi bo`ladi, deb xayol qildi u. Har tugul ikki yilni shu aldamchi o`yga ishonib o`tkazdi. Lekin kundoshining urush-janjallari alal-oqibat uning “er”ini o`z oilasi bag`riga qaytardi. Lekin Gulnora bu safar quruq qo`l bilan qolgani yo`q. Uchinchi turmush o`rtog`idan foydalanib, onasining hovlisiga o`zi uchun imorat soldirib olishga erishdi.

Shu zaylda oradan 3 yil o`tdi. Kutilmagan voqea Gulnoraning bir maromda kechayotgan hayotida keskin burilish yasadi. O`shanda u odatgidek o`z yumushlari bilan band edi. Telefoni jiringladi. Go`shak ortidan juda qadrdon ovoz eshitildi:

—Meni kechir, boshingga tushgan savdolardan xabarim bor. Men ham xato qildim. Kel, o`zimiz, farzandlarimiz uchun yangidan hayot boshlaymiz.

Bu uning birinchi turmush o`rtog`i edi.

Gulnora bu kunlarni faqat orzu qilib yashayotgan edi. Nihoyat, uni ko`p kuttirgan, ko`p sog`intirgan kunlar keldi. Endi turush o`rtog`i, farzandlari bilan birga saodatli hayot kechiradi. Yo`q, yo`q, sevinishga erta. U qilmishlari uchun Vatan, elu-yurt, qonun oldida javob berishga majbur. Aybi o`zining gulday oilasini barbod etgani etmay, o`zgalarning baxtiga soya solib, qayta-qayta oila qurganimi, dersiz. Yo`q, albatta.

Xiyonat va isnod

Gap shundaki, Gulnora oilaviy nizolar sabab hayotdan nolib, dunyo ko`zlariga tor bo`lib ko`rinayotgan paytlar unga dardkash bo`lib, o`z qanotlari ostiga olgan Nasiba Ustababaeva “Ayollar qanoti” jihodchilar diniy ekstramestik tashkilotining rahbarlaridan biri edi. U qiyin ahvoldagi ayollarning tang ahvolidan foydalanib, ularga yordam qo`lini cho`zish, ishonchiga kirish, evaziga esa asta-sekin o`z tarafdorlari safiga qo`shib olishni o`ziga kasb qilib olgandi. Gulnora ham ustasifarang bu ayolning ana shunday o`ljalaridan biri edi.

U hayotning turfa sinovlariga oson taslim bo`ldi. Vaholanki, turmushning baland-pastliklari bilan yuzlashish har kimning ham boshida bor. Sabr-u iroda kuchigina uni engishga qodir. Jonini koyitishdan, qiyinchiliklardan qochish baribir yana boshqa mashaqqatlarga duchor qilishi tayin. Juda jo`n va oddiy ana shu haqiqatni Gulnora vaqtida anglab eta olmadi. Va bu uni to`g`ri yo`ldan adashtirish uchun Nasibaga juda-juda qo`l keldi.

Gulnora diniy ekstramestik g`oyalar bilan yo`g`rilgan da`vatlar ta`siriga tushib, ushbu tashkilotning faollari J.To`laganova va N.Yusupovaning xonadonida diniy saboq oladi. Uni O`sh shahriga olib borish uchun turmush o`rtog`ining dag`dag`alarini ro`kach qilish shunchaki bir bahona edi xolos. Aslida chegarani buzib, ya`ni aylanma yo`l orqali Gulnoraning u erga borishidan maqsad Fotima va Mariyaning xonadonida xotin-qizlarga “diniy ta`lim” o`rgatish edi.

Gulnora aqidaprastlarning yovuz g`oyalari ta`siriga shu qadar berilib ketadiki, Nasibaning “Ismingni islomiy ma`nosi “do`zaxdagi gul” degan so`ziga ishonib, o`z ismini Hadicha deb o`zgartiradi. Bu ne-ne umidlarda Gulnora deb ism qo`yib, farzandining baxti-u kamolini tilagan mushfiq va mushtipar ota-onaning yuziga oyoq qo`yish emasmi?!

O`zini, o`zligini unutgan odamdan har narsa kutsa bo`ladi. Gulnora ham sharm-hayo, ibo sadoqat va vafo kabi ayolning nomini aziz, martabasini ulug` etgan fazilatlarni butkul unutib, xiyonat ko`chasiga kirdi. Bu muqaddas oilaga, saxovatli elu-yurtga, tabarruk Ona Vatanga xiyonat edi. Ya`ni, u muntazam ravishda yashirin yig`inlar o`tkazib, ularda ayollarni hijrat qilish va diniy tashkilotlarning jangarilariga turmushga chiqish, ular bilan birga jihod qilishga da`vat etgan. Uning o`zi ham rahnamolaridan O`zbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligini buzishga qaratilgan ma`ruzalar eshitib, Islom davlatini barpo etishni qo`llab-quvvatlab kelgan.

Yana bir hayratlanarli tomoni shundaki, Gulnoraning bunday nopok yo`lga kirishida singlisi Gulchehraning katta hissasi bor. Chunki Nasiba Ustababaeva Gulchehraning yaqin tanishlaridan biri edi. Demak, Nasibaning Gulnorani topishi shunchaki tasodif emas.

Gulchehra ham iymonni arzon sotish bobida Nasibadan qolishmaydi. U dinni niqob qilib olib, ayollarni to`plab, ularni hijobga kirishga undaydi, aqidaparastlik g`oyalarini targ`ib etadi. Makkorlik bilan tuzog`iga ilintirgan ayollarning har biri bilan alohida-alohida gaplashib, ularni erlaridan ajrashishga, diniy ekstramestik tashkilotlar tarafdorlariga turmushga chiqishga chaqiradi. Jumladan, opasining ham. Gulnoraning ikkinchi va uchinchi nikoh rishtalari zamirida ham Vatani, xalqining non-tuziga tupurgan manqurtlarning ko`nglini ovlash, ularga huzur-halovat baxsh etishdek jirkanch maqsad bor edi.

Ibtidoning intihosi bor. Ayniqsa, qing`ir ishning umri hamisha qisqa. Bu manfur kimsalarning ham davru-davroni uzoq cho`zilmadi. Hatto o`ylash ham og`ir bo`lgan kirdikorlari, ko`ngilni nafratga to`ldiradigan qilmishlari fosh bo`ldi. Ular javobgarlikka tortildi.

Xususan, Gulnora diniy ekstramestik, separastik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish va ularda ishtirok etish hamda bir guruh shaxslar bilan oldindan til biriktirib, belgilangan tartibni buzib, chet elga chiqish va O`zbekiston Respublikasiga kirish kabi jinoyatlarni sodir etgani uchun sud hukmi bilan unga 7 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Afsus-nadomat, pushaymonlik azobi har qanday jazodan ko`p va og`ir. Shuning uchun ham bugun Gulnoraning chekkani g`am, totgani alam. Ammo bunga faqat va faqat uning o`zi aybdor. Zero, shunday haqiqatki borki, uni hech kim va hech narsa o`zgartira olmaydi. Ya`ni, e`tiqodi mustahkam, imoni but, niyati pok odamni hech bir kuch yo`ldan og`dira olmaydi.

Yulduz Fayzullaeva

    Boshqa yangiliklar