AsosiyJamiyat

Cog`liqni saqlash vazirligi Kosonsoy bozorida zaharlanganlarning ahvoli bo`yicha axborot berdi

'Cog`liqni saqlash vazirligi Kosonsoy bozorida zaharlanganlarning ahvoli bo`yicha axborot berdi'ning rasmi

Kecha, 5 fevral kuni Namangan viloyati Kosonsoy tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo`limiga 5 fevral kuni tongi soat 6:00 dan 12:00 ga qadar ko`ngil aynishi, qayt qilish, bosh og`rig`i va umumiy holsizlik kabi kasallik belgilari bilan tibbiy yordam so`rab 36 nafar fuqaro murojaat qilgan, deya xabar bergan edik.

Ular o`tkir gastroenterit, toksikoinfeksiya tashxisiga gumon qilinib, shifoxonaga yotqizilgan..

Suhbat davomida barcha bemorlar o`z kasalliklarini 4 fevral kuni soat 12:00-13:00 oralig`ida Kosonsoy tuman markaziy dehqon bozorida noma`lum shaxs tomonidan uy sharoitida tayyorlangan kala-pocha go`shti va xasip taomini xarid qilib, iste`mol qilish bilan bog`lagan.

Ushbu holat yuzasidan vazirlik tomonidan alohida nazorat tashkil etildi. Kosonsoy tuman tibbiyot birlashmasi zarur dori-darmonlar, infuzion eritmalar, bir marotaba ishlatiladigan shpris va sistemalar bilan etarli miqdorda ta`minlangan.

Yuzaga kelgan epidemik vaziyatni joyiga chiqib o`rganish, bemorlarga va mahalliy mutaxassislarga o`z vaqtida har jihatdan amaliy yordam ko`rsatish maqsadida Sog`liqni saqlash vazirligining mas`ul mutaxassislari, jumladan, Respublika Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti direktori A.Abdushukurov, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh shifokori o`rinborsari A.Shukurov va bo`lim boshlig`i U.Ismailov, Andijon tibbiyot institutining bir guruh etakchi mutaxassislari Namangan viloyati Kosonsoy tumaniga yuborilgan.

Kosonsoy tuman dehqon bozorida sanitariya-epidemiologiya xizmati, Ichki ishlar va Soliq organlari mutaxassislari bilan profilaktik tadbirlar olib borilmoqda. Shifoxonada davolanayotgan bemorlarning ahvoli qoniqarli, og`ir bemorlar yo`q, ularga malakali tibbiy yordam ko`rsatilmoqda, deya ma`lum qildi Sog`liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.

    Boshqa yangiliklar