Navoiy shahrida bo`lib o`tayotgan “Alisher Navoiy ijodiy merosining umumbashariyat ma`naviy-ma`rifiy taraqqiyotidagi o`rni” mavzusidagi II an`anaviy xalqaro ilmiy konferensiya doirasida viloyatda maktab o`quvchilari o`rtasidagi “Yosh navoiyxonlar” tanlovining viloyat bosqichi nihoyasiga etdi.
Navoiy viloyat hokimligi tashabbusi bilan o`tkazilgan tanlovning maktablar bosqichida vohadagi 7-15 yoshgacha bo`lgan 2 yarim mingdan ziyod o`quvchi qatnashdi. Tuman va shahar bosqichidan 40 nafar o`g`il-qiz esa 800 nafar o`quvchi orasidan tanlab olindi. Va nihoyat, tanlovning viloyat bosqichiga buyuk bobokalonimiz hayoti va ijodi bilimdonlari, Navoiy g`azallarini eng ko`p yod olgan va mohir ifodali o`qish iqtidoriga ega bo`lgan 10 nafar o`quvchi o`zaro bellashdi. Ular orasidan 6 nafari viloyat bosqichiga o`tib, asosiy o`rinlar uchun o`z imkoniyatlarini sinab ko`rdilar.
Tanlov yakuni bevosita xalqaro anjuman ishtirokchilari ko`z o`ngida, 700 dan ziyod tomoshabinlar bilan to`lgan “Farhod” madaniyat saroyida bo`lib o`tdi. Unda Karmana tumanidagi 4-umumiy o`rta ta`lim maktabining 8-sinf o`quvchisi Ibrohim G`afforov birinchi o`rinni egalladi va viloyat hokimligi tomonidan Prezident sovg`asi – “Spark” avtomobili bilan taqdirlandi. Bu xaqda "Xalq so`zi" nashri xabar qildi.
Shuningdek, yana ikki nafar o`quvchi “Yosh navoiyxonlar” tanlovining 2-o`rin sohibi bo`lib kompyuter jamlanmalari va uch nafar o`quvchi 3-o`ringa loyiq topilib noutbuklar bilan taqdirlandilar.






