Respublika bolalar kutubxonasi vakillari Toshkent metropoliteni xodimlari va O`zbek Milliy akademik drama teatri aktyorlari bilan hamkorlikda poytaxt metrosi yo`lovchilariga Alisher Navoiy she`riyatidan namunalar o`qib berishni so`rab murojaat qildi.
Eng ifodali va ta`sirli mutolaa qilib bergan hamyurtlarimizga metroda bepul harakatlanish imkoniyati berildi. Ayni chog`da ularga esdalik sovg`alari ham topshirildi, deb yozadi "Xalq so`zi" gazetasi.
An`anaga ko`ra, kutubxonaning o`zida Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligiga bag`ishlangan adabiy kecha ham o`tkazildi. Unda poytaxtimizdagi umumiy o`rta ta`lim maktablari o`quvchilari, shahar “Barkamol avlod” bolalar markazi tarbiyalanuvchilari ishtirok etdi. She`rlar o`qildi, shoir asarlaridan sahna ko`rinishlari namoyish qilindi. Yosh avlod vakillari xalq og`zaki ijodi qo`shiqlarini ijro etib berdilar.






