Islom dini azaldan ilm-ma`rifat, tafakkur, aql-idrok dini bo`lib kelgan. Muqaddas Kur`oni karimda ham ilmga da`vat qiluvchi o`nlab oyati karimalar uchraydi. Diniy manbalarda dinni chuqur o`rganmay turib, unning nozik jihatlarini ilg`amasdan turib, diniy masalalarda bahs yuritish, bilag`onlik qilish, o`zboshimchalik bilan “fatvo chiqarish” qat`iy taqiqlangan.
Tarmoqdagi “qarmoq”
Islomning asl-mazmun mohitidan xabardor kishi hech qachon yovuzlikka qo`l urmaydi. Bugun turli diniy oqimlar, radikal guruhlar ta`siriga tushib, dunyoning turli burchaklarida teraktlar sodir etib, yuzlab begunohlarning o`limiga sababchi bo`layotganlar ham dinimizning asl mohiyatidan bexabar, jaholat bandalaridir. Ularning tarjimai holi bilan yaqindan tanishar ekansiz, aksariyati malakali diniy ta`lim u yoqda tursin, hatto maktabda ham qoyillatib o`qimagan chalasavod kimsalar ekani ma`lum bo`ladi.
Ana shulardan biri Surxondaryo vilyaotining Sho`rchi tumanida tug`ilib o`sgan Olim Xidirovdir. U 1969 yilda tug`ilgan. O`rta maktabni arang bitirgan bu “donishmand” yurtimizdagi diniy ta`lim dargohlarining, ma`hadu madrasalarning yaqiniga ham yo`lamagan. O`zicha qo`liga ilingan, mamlakatimizga noqonuniy yo`llar bilan olib kirilgan yoxud yashirincha chop etilgan qo`llanmalarni o`qib suyagi qotgan, dunyoqarashi ham ana shunday g`arazli g`oyalar bilan sug`orilgan.
Odatda bedavo yuqumli kasallikka chalingan ayrim odamlar o`zidagi bu mudhish illatlarni boshqalarga atayin yuqtirishga moyil bo`larkan. Miyasi aqdiparatlik, ekstremistik g`oyalar bilan zaharlangan kimsalarni ham aynan o`sha toifaga bemalol qo`shish mumkin.
Olim Xidirov ham tez orada o`zini allomai zamon bo`lgandek his etdimi, yon-veridagi odamlarni, tanish-bilishlari, qo`ni-qo`shni, qavm-qarindoshlarini ham ekstremistik g`oyalarga targ`ib eta boshladi.
Uning ma`ruzalarida bugungi dunyoviy, konstitusion tuzum endilikda talabga javob berma qolgani, faqat shariat asosidagi qonunlarga bo`ysunib yashash, dunyoviy boshqaruvga qarshi bosh ko`tarish, butun insoniyat yagona xalifalik davlati bayrog`i ostida yashashi lozimligi iddao qilinadi.
Olim Xidirov bugun hamma keng foydalanayotgan ijtimoiy tarmoqlari orqali ham o`ziga hammaslaklarni izlash, internet foydalanuvchilarining ongiga g`arazli g`oyalarni quyishga harakat qilib kelgan.
Uning tarmoqdagi akkauntlarida ochiqdan-ochiq “jihod” qilish, ayirmachilikka, fitna-fasodga da`vat sezilib turadi. U xoinona jinoyatlari sabab janglarda sharafsiz o`lim topgan terrorchilarni qahramon deb ko`rsatishga harakat qiladi, boshqalarni ham aynan u singari yo`l tutishga undaydi. U internetdagi chiqishlarida dunyoning turli hududlarida yuz bergan hodisalarga ekstremistik nuqtai nazaridan yondoshgan.
Elchiga o`lim bormi?
Jumladan u Suriyada davom etayotgan urushning asl ildizlari, yuzaga kelishi sabablari haqida etarlicha tasavvurga ega bo`lmagan holda u erda urishayotgan terroristik oqimlar, jangari guruhlarni “qahramonlar” deb ataydi va ularga Yaratgandan madad so`raydi.
Masalan, 2016 yilning 23 dekabr kuni Anqarada terror qurboniga aylangan Rossiyaning Turkiyadagi sobiq elchisi Andrey Karlovning fojiali o`limiga o`z fikrini bildirarakan, shunady yozadi:
“...turkiyadagi pasolning o`limi bu turkiyadagi ishlarning bevosita olib borilishga boglik bulgan shaxsdir ulimga maxkum etilgan deplomat surya va musulmonlarga karshi ishlarda be vosita ishtirok etgan va xalabdagi tinch axolining ulimiga boglik shuncha axolini yosh karini uldirishga alokasi bulgani uchun begunox ulimga maxkum kilgan odamlarni kechirish xam jinoyatni kupaytirishga olib keladi men shaxsan deplomatni ulimini tugri ijro etilgan deb uylayman...” (matn tahrirsiz keltirildi.)
Yuqoridagi matnning tuzilishi, pala-partishlari, imlo va uslubiy xatolarga liq to`la ekani muallifning savodi qay darajada ekanini ravshan ko`rsatib turgan bo`lsa kerak. Biroq, gap hozir shaklda emas, mazmunda. E`tibor qilgan bo`lsangiz, butun dunyoda terroristik akt sifatida tan olingan, begunoh echining o`limini Olim Xidirov “adolatli ijro” deya baholamoqda.
Holbuki, har qanday jamiyatda elchilar qaysi dinga e`tibod qilishi, qay millatga mansubligidan qat`i nazar izzat va ehtiromga loyiq ko`rilgan. Islom tarixiga nazar tashlasak, payg`ambarimiz (s.a.v.) ham turli ellardan kelgan g`ayridin elchilarni ehtirom bilan kutib olganlari, hatto ularga o`z diniy arkonlarini bajarishi uchun sharoit yaratib berishni buyurganlari tarixdan yaxshi ma`lum.
Konstitusion tuzumga xiyonat
Olim Xidirov o`tgan yili 4 dekabr kuni bo`lib o`tgan, butun dunyo hamjamiyati ko`z o`ngida, shaffof tarzda o`tkazilgan, xalqaro kuzatuvchilarning e`tirofiga sazovor bo`lgan Prezident saylovini ham “noqonuniy jarayon”, “xalq irodasini buzish” deb jar soladi.
Olim Xidirovning Konstitusiya, konstitusion davlat haqidagi qarashlari ham aynan esktremistik g`yaolar ta`sirida shakllangani ko`rinib turadi. Aks holda, u “konstitusion tuzum odamlar o`ylab topgan narsa, unga itoat qilmaslik kerak” deb ayyuhannos solmagan bo`lardi.
Uning Feysbuk ijtimoiy tarmog`ida juda ko`plab ekstremistik saytlardan olingan, “Hizbut-tahrir”, “IShID” singari radikal tashkilotlarning faoliyati targ`ib qilingan vidleoroliklar, matnlar, fotosuratlar boshqalar bilan bo`lishilgani uning asl maqsadini ko`rsatib turibdi. Ayni tarmoq orqali u virtual “do`stlari”ga vidoemurojaatlar qilib, konstitusion tuzumni ag`darish, davlatga qarshi jihod qilish kabi g`arazli da`vatlarni ilgari surib kelgan.
Zararli g`oya va maqsadlar
Olim Xidirov biror bir sura yoki hadisni etarlicha bilmagan holda o`zicha odamlarni ishontirish uchun turli iboralarni to`qishdan ham toymaydi. Masalan, mana bu gaplarga e`tibor bering:
“Al iymoni bil tasdiki kalban paygambarlarning xakligini uning tuzgan shariyatini kalban tasdik kilmasang bu iymon xisoblanmaydi”. Matndagi arabiy iborani biror diniy manbadan topa olmaysiz. Avvalo, bu iboraning o`zi arab tili grammatikasi qoidalariga to`g`ri kelmaydi.
Ayni chog`da Internet tarmoqlariga Olim Xidirov tomonidan qo`yilgan xatlarda xalifat g`oyasi atrofida fuqarolarni uyushtirish, ularning ongida davlat va uning rahbarlariga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatlarini kuchaytirishga bo`lgan harakatni ham ko`rish mumkin. Internet tarmoqlarida uning do`stlari 400 dan oshiq ekanini, uning asosan moddiy jihatdan qiynalgan odamlar davrasida yurishini e`tiborga olsak, qanchadan-qancha insonlar miyasiga zararli g`oya va maqsadlarni quyishga uringanini anglash qiyin emas.
“Meni kechir, xalqim...”
Internetdagi ijtimoiy tarmoqlar orqali o`z “izdoshlari”ga yo`llangan xitoblarda, yozib qoldirilgan “post”larda Olim Xidirov o`zini o`ta xalqparvar, fidoyi, qahramon qilib ko`rsatishgacha boradi. Xalq uning ortidan ergashishini istaydi. Uning xitoblarida “umrin atagan xalqim mening”, “o`z umrimni shu xalqqa bag`ishladim”, “mening kimligini meni tanigan insonlardan so`rang”, “meni kechir, xalqim, men sen uchun hech narsa qila olmadim, lekin harakat qildim”, “xalqimizning hayoti yaxshilansa, men o`lsam ham o`zimni baxtiyor his qilardim” singari balandparvoz so`zlarni uchratish mumkin.
Bu gaplarni o`qib kulishni ham, kuyishni ham bilmaysan, kishi. Xalqini sevadigan, uning uchun joningi berishga tayyor inson shu xalq saylagan rahbarga itoat qilishi, shu xalq boshqarayotgan hokimiyaga, davlatga xizmat qilishi, uning qonunlarini hurmatlashi kerak emasmi? Terrorizm, ekstremizm, separatizm singari zarali g`oyalarni dastaklayogan odamning “xalqim” deb ko`ksiga urishi eng sodda qilib aytganga masxarabozlik emasmi?
Qilmish – qidirmish
Albatta, Olim Xidirovning bu kabi kurakda turmaydigan iddaolari, davlat va xalq manfaatiga zid targ`ibot va tashviqotlari huquqni muhofaza qilish organlari e`tiboridan chetda qolmadi.
Olim Xidirov yashayotgan xonadon huquq-tartibot organlari tomonidan tintuv qilinganda, javon sandiqlarda berkitib qo`yilgan 17 dona arab va kiril alifbosida yozilgan diniy adabiyotlar xamda xalifalik davlatini tuzishga da`vat etuvchi, O`zbekiston Respublikasi davlat tuzumiga qarshi kayfiyatdagi 325 dona diniy-siyosiy mazmundagi varaqalar topildi. Shuningdek, Internet tarmoqlarida tarqatishga mo`ljallangan diniy-ekstremistik ruxdagi videomurojaatlar joylangan noutbuk va flesh-kartalar, telefon apparatlari qo`lga kiritildi.
Olim Xidirovning noqonuniy hatti-harakatlari yuzasidan jinoiy ish qo`zg`atilib, jinoyat ishlari bo`yicha Surxondaryo viloyat sudining hukmiga binoan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.






