1

Ichki ishlar xodimi 300 dollar pora bilan qo`lga tushdi

Jinoyat 09.02.2018, 20:17
Ichki ishlar xodimi 300 dollar pora bilan qo`lga tushdi

Ichki ishlar xodimlarini ko`rganimizda tinchlik va osoyishtalik himoyachisi sifatida ularga ishonch va hurmatimiz oshadi. Zero, mas`uliyatli vazifani bajarayotgan bu soha vakillari tunu kun o`z xizmat vazifasini sidqidildan bajarmoqda. Afsuski, ular orasida shunday sharafli kasbga dog` tushirayotganlar ham uchrab turibdi.

Azizbek Mirzaev Farg`ona shahar IIB huquqbuzarliklarning oldini olish bo`limi milisiya tayanch punktlari voyaga etmaganlar o`rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektori lavozimida ishlab kelayotgan edi. Afsuski, nafs qutg`usi uni to`g`ri yo`ldan adashtirdi. Ish faoliyati davomida shahar hududidagi ta`lim muassasalari rahbarlari bilan yaxshi tanish bo`lgan inspektor xizmat mavqeidan foydalanib, "ishbilarmonlik" qilishni rejalashtirdi.

A. Mirzaev 2017 yil iyul oyida tanishi Sh.Akromova o`g`lini Farg`ona shahar 2-tibbiyot kollejiga o`qishga qo`ymoqchiligidan xabar topdi. U bunday “o`lja”ni qo`ldan boy bermaslik yo`lini qidirdi. Sh. Akromovaga kollejda tanishlari borligini aytib, o`g`lini o`qishga kiritib qo`yishga va`da beradi. Bu ish quruqqa bitmasligiga ishora qilib, “xizmat” uchun vakolatli shaxslarga 300 dollar berishi zarurligini aytadi.

Sh.Akromova huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga ariza bilan murojaat qildi. Milliy xavfsizlik xizmati Farg`ona viloyati boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda A.Mirzaev fuqaro Sh. Akromovadan 300 dollar olayotganida ashyoviy dalil bilan qo`lga tushadi.

Jinoyat ishlari bo`yicha Toshloq tuman sudi A.Mirzaevning qilmishiga yarasha jazo tayinladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1