Ma`lumki o`zbek va qozoq xalqlari o`rtasidagi do`stli va hamjihatlik uzoq tarixga ega. Bugungi kunda ham ikki davlat o`rtasidagi aloqalar tobora rivojlanib bormoqda. Bu aloqalar davlat rahbarlari, hukumat rasmiylarining tashriflari, ikki tomonlama imzolanayotgan hujjatlarda ham o`z aksini topayotir.
Yaqinda Qozog`iston Respublikasining O`zbekistondagi elchixonasida o`tkazilgan matbuot anjumanida ham ikki davlat o`rtasidagi do`stona aloqalar, shuningdek qardosh mamlakatning so`nggi yillarda erishayotgan yutuqlari haqida so`z bordi.
Buyuk o`tmishdan buyuk kelajak sari
Albatta, ikki xalq tarixini bir-biridan ayro holda tasavvur etib bo`lmaydi. O`z davrida qozoq xalqining buyuk shoiri Abay o`zbek mutafakkiri Alisher Navoiyni o`ziga ustoz deb biladi, uning izidan borib, bir qator she`rlar, dostonlar yaratadi. Xalq og`zaki ijodida ham ana shunday o`xshash jihatlar yaqqol ko`zga tashlanadi. Xususan, qahramonlik, jasorat timsoli bo`lgan Alpomish obrazi har ikki xalq dostonlarida kuylanadi.
Bugungi kunda O`zbekiston hududida qozoq, Qozog`istonda o`zbek xalqining yuz minglab vakillari istiqomat qiladi. Bugungi kunda Qozog`istonning Turkiston shahrida Sohibqiron Amir Temurning piri komillari Ahmad Yassaviy qabri ustida tiklangan maqbara hamon etti iqlimdankelgan sayyohlarni o`ziga jalb etmoqda. Ul zotning maqbaralari yaqinida buyuk shoh va olim Mirzo Ulug`bekning to`rtinchi qizi Robiya sultonbegim dafn qilingan.
Manbalarning guvohlik berishicha, qozoq xalqining atoqli farzandi, davlat arbobi, shoir va mutafakkir To`lebiy (1663-1756) Toshkentdagi Shayx Xovandi Tohur tarixiy majmuasining shimoliy qismidagi maqbarada dafn qilingan. Qozog`iston Respubilkasi Prezidenti Nursulton nazarboev 2017 yil 16 sentyabr kuni mamlakatimizga qilgan rasmiy tashrifida davomida ana shu maqbarani ham ziyorat qilib, bu tarixiy shaxsning ikki xalq hayotida tutgan o`rni haqida to`xtalib o`tgan edi.
Hamkorlik tobora rivojlanmoqda
O`tgan 2017 yilning dekabr oyida Qozog`iston prezidenti Nursulton Nazarboev yangi yilni Qozog`istonda O`zbekiston yili deb e`lon qildi.
Qozog`istonning mamlakatimizdagi elchixonasida bildirishilicha, qo`shni davlatda “O`zbekiston yili” mart oyidan boshlanishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan ishlab chiqilgan keng ko`lamli dastur doirasida yil davomida ikki mamlmkat o`rtasidagi iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, madaniy sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshilishi kutilmoqda.
O`tgan yili ikki davlat o`rtasida ikkita davlat tashrifi amalga oshirilib, ular doirasida 27 ta shgartnoma imzolandi. Bugungi kunda O`zbekistonning tashqi tovar almashinuvida Qozog`iston (8,7%) Xitoy (17,7%) va Rossiya (17,2%)dan keyingi uchinchi o`rinni egallaydi.
Mamlakatlarimiz o`rtasida transport sohastdagi hamkorlik ham e`tiborga molik. 2017 yil 22 martda “Almati-Toshkent-Almati” tezyurar poezdi, 11 iyunda “EKSPO-2017” butunjahon ko`rgazmasi doirasida “Samarqand-Ostona-Samarqand” ” yo`nalishida poezd qatnovi yo`lga qo`yilgan edi. Toshkent shahrini mamlakatimizning janubiy hududlari bilan bog`lovchi M-39 avtomobil trassasining Qozog`iston hududidan o`tuvchi qismining qayta ochilishi yo`lovchilar muayyan qulaylik yaratdi. Joriy yil boshidan Toshkent-Chimkent yo`nalishida muntazam avtobuslar qatnashni boshladi.
Qozog`iston Prezidentining murojaatnomasi
Matbuot anjumanida so`zga chiqqan Qozog`iston elchisi Erik Utenbaev o`z nutqida mazkur mamlakat rahbari Nursulton Nazarboevning 2018 yil 10 yanvardagi Qozog`iston xalqiga yo`llagan murojaatnomasi mazmun-mohiyati bilan ham tanishtirib o`tdi.
Ta`kidlanganidek, mazkur murojaatnomada Qozog`iston xalqi shu paytga qo`lga kiritgan muvaffaqiyatlar, shuningdek, kelgusida ko`zda tutilgan rejalar o`z aksini topgan. O`tgan yili Ostonada o`tkazilgan “Ekspo-2017” Butunjahon ko`rgazmasi mamlakat salohiyatini yana bir karra namoyon qildi. O`tgan yili Qozog`iston BMT Xavfsizlik kengashining muvaqqat a`zosi bo`ldi. Yanvarb oyidan boshlab Qozog`iston mazkur nufuzli kengashni boshqarib kelayotir.
O`n banddan iborat bo`lgan murojaatnoma innovasion texnologiyalarni rivojlantirish, zahira salohiyatini yuksaltirish, muqobil energiya manbalaridan foydalanish, agrar islohotlarni chuqurlashtirish, transport-logistika infratuzilmasi samaradorligini oshirish, qurilishi va kommunal sektorga zamonaviy texnoolgiyalarni tatbiq etish, moliyaviy sektorni “qayta yuklash”, ijtimoiy siyosatni yanada kuchaytirish, samarali davlat boshqaruvini yo`lga qo`yish, korrupsiyaga qarshi kurarsh va qonun ustuvorligini ta`minlash, “aqlli shaharlar” bunyod etish singari masalalarni o`z ichiga olgan.
Mazkur murojaatnoma Qozog`iston xalqining kelajagini, mamlakatning istiqboldagi vazifalarini belgilashda muhim ahamiyatga ega. Albatta, qardosh, dindosh, qismatdosh xalqning porloq kelajagi, ertangi kuni biz O`zbekiston xalqini ham behad quvontiradi.






