O`zbekiston IIV Xalqaro hamkorlik boshqarmasida Interpolning Anqaradagi Milliy markaziy byurosi boshlig`i Lutfi Chichek boshchiligidagi Turkiya delegasiyasi ishtirokida uchrashuv bo`lib o`tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qiladi.
Uchrashuvda O`zbekiston va Turkiya o`rtasidagi iqtisodiyot, turizm, biznes, sport, fan va madaniyat sohalari kabi bugungi kunda dunyo miqyosida dolzarb muammo hisoblangan xavfsizlik va huquq-tartibot sohalarida ham do`stona, mustahkam aloqalar va o`zaro manfaatli hamkorlik o`rnatilgani ta`kidlandi.
Tomonlar xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, separatizm, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi, odam savdosi kabi transmilliy jinoyatchilik ko`rinishlarining tobora kengroq namoyon bo`layotganini hisobga olib, Turkiya va O`zbekiston huquq-tartibot organlarining birgalikdagi harakatini kuchaytirish, hamkorlikni yanada yuqori darajaga ko`tarish zarurligini qayd etishdi.
O`zaro muloqot davomida hamkorlikning boshqa dolzarb masalalari ham muhokama etilib, istiqboldagi vazifalar belgilab olindi.






