O`zbek Milliy akademik drama teatrida "Yosh suxandonlar" I respublika ko`rik-tanlovi g`oliblarini taqdirlashga bag`ishlangan tadbir bo`lib o`tdi. Bu haqda O`za xabar qildi.
Mazkur tanlovdan ko`zlangan asosiy maqsad – yoshlarning ona tilimizga bo`lgan hurmati va e`tiborini yanada kuchaytirish, suxandonlik san`atini rivojlantirish, bu borada izlanayotgan yoshlarning ijodiy salohiyati va mahoratini yuksaltirishdan iborat. Uning yakuniy bosqichida 70 dan ortiq yosh ijodkor qatnashdi.

– Tanlovda ishtirok etib, yanada ko`proq o`qib-izlanishim kerakligini angladim, – deydi O`zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi Shahzoda Bozorboeva. – Suxandon, teleboshlovchi bo`lish istagida bo`lgan yoshlar o`z ustida tinimsiz ishlashi, ko`proq kitob o`qishi, zehni, fikrini doimiy charxlab borishi kerakligiga yana bir bor ishonch hosil qildim.

Ijodiy loyiha davomida ishtirokchilarning sahnada o`zini tutishi, nutqi, ovoz imkoniyatlari, talaffuzi, kitobxonligi kabi jihatlarga alohida e`tibor qaratildi. Qoraqalpog`istonlik ijodkor Alima Rametullaeva hamda O`zbekiston davlat san`at va madaniyat instituti talabasi Isfandiyor Homidov birinchi o`ringa sazovor bo`ldi.






