1

IT

Mutolaa 18.02.2018, 19:12
IT

Bu shaharga kelganimning ilk kunlaridayoq Bibliya qiroat qilayotgan juldur kiyimdagi kishi atrofida to`planib turgan olomon diqqatimni tortdi. Va`zxonning oyoqlari tagida yotgan itni bir qarashda payqamabman, terchiragan va sip-silliq jun qoplagan, zulukdek qop-qora, bahaybat va xunukdan-xunuk bu ko`ppakni darhol ko`rmaganimga hayron qoldim. Ko`ppakning ko`zlari oltingugurtdek sap-sariq, jag`larini yirib ochganda esa yirik-yirik so`yloqlarga ko`zim tushdi, o`zi umuman turq-afti shunday vahimali ediki, uni biron tirik jonzotga mengzay olmasdim. Bu ulkan mahluqqa uzoq tikilib turolmay, nigohimni uning egasi — juldurvoqi kaltabaqayga burdim. Kiyimining ilma-teshikaridan ko`rinib turgan terisi toza, faqirona libosi noodatiy pokizaligi bilan boshqalarnikidan ajralib turar, qo`lidagi Bibliya esa chinakam xazina edi: tilla va olmos suvi yugurtirilgan jildi yalt-yult qiladi. Ovozi o`ktam, sokin. So`zlari aniq-tiniq, nutqi sodda-keskin; kinoyayu qochirimlardan yiroqligi shundoqqina bilinib turibdi. U zig`ircha mutaassiblikdan holi ravishda Bibliyadan hikoya keltirar, mabodo birorta gap-so`zi ishonchsiz chiqsa, bu, shubhasiz, oyog`i ostida yotib, tinglovchilardan sarg`ish ko`zlarini uzmayotgan itning dastidan edi. Xo`jayin va ko`ppakning aynan mana shu tajassumi meni asir etdi va butun diqqat-e`tiborim bu odamning kimligini aniqlashga qaratildi. U Xudoning bergan kuni shaharda pand-nasihatlarini o`qishni kanda qilmasdi. Garchi o`z ishi bilan tun pardasi yoyilguncha mashg`ul bo`lsa-da, har safar uni topish amri mahol kechardi. Shahar aniq va oddiy chizma asosiga qurilgan esa-da, adashib qolish hech gap emasdi. Va`zxon makonini turli vaqtda tark etar, umuman aytganda, uning xatti-harakatlarida ketma-ketlik ko`rinmasdi. Gohida u uzzukun bir maydondan siljimasdan tinimsiz so`ylar, gohida joyini har chorak soatda almashtirardi. Qachon qarama qora va ulkan it uning ketidan qolmas, yurganda-turganda yonida bo`lar, va`zxonlikni boshlashi bilan to`shama yo`lga yotib olardi. Tinglovchilar hadeganda topilavermas, ko`pincha bir o`zi qaqqayib turaverardi. Fahmimcha, u bundan zarracha xijolat tortmasdan, joyidan jilmay javrayverardi. Ko`pincha uni kichikroq ko`cha o`rtasida taqqa to`xtab, baland ovozda munojot qilayotgan holda ko`rardim. Nariroqda, kengroq ko`chada esa o`tgan-ketganlar unga qiyo boqib qo`yishmaydi. Uni zimdan kuzatishning evini qilolmadim, har gal tasodifga tayanardim — shu bois uning kulbasini izlashga tushdim, biroq hech kim uyini ko`rsatib berolmadi. Bir gal kun bo`yi ortidan izma-iz boraverdim. Bir necha kun urinishlarim zoe ketdi, qanchalik niyatimni yashirishga tirishib, kishibilmas ta`qib qilmay, oqshomga borib izsiz g`oyib bo`lardi. Nihoyat, bir oqshom ko`chalardan biridagi uyga lip etib kirib keganini o`z ko`zim bilan ko`rdim, bilishimcha, bu ko`chada shaharning boyvachchalari istiqomat qiladi, bundan ozmuncha lolu hayron bo`lmadim. O`shandan keyin yurish-turishimni o`zgartirdim, yashirinishni bas qilib, uning yon-verida o`ralashaverdim; men unga sira xalal bermasdim, ammo yaqinlashishim bilan it irillashga tushardi. Shu tariqa bir necha hafta o`tib ketdi. Yozning oxirgi kunlaridan birida u Yuhanno bayon etgan Kalomni tamomlab, qoshimga keldi va uyigacha kuzatib qo`yishimni so`radi. Yo`l bo`yi miq etmadi. Uyga kirganimizda, shunchalik qorong`u ediki, uy sohibi kaminani manzirat etmish kattakon xonada moychiroq yonib turardi. Xona ko`cha sathidan quyida ekan, eshikdan ichkarilashimiz bilanoq bir necha pillapoyadan pastladik. Shunchalik ko`p kitob terib tashlanganidan devor ko`rinmasdi. Moychiroq tagida — qoraqarag`ay taxtasidan yasalgan katta, jo`n stol, yonida tim-ko`k ko`ylakda bir qiz kitob o`qib turibdi. Qilt etmadi. Xonada ikkita deraza bo`lib, qalin pardalar osilgan, bitta derazaning ostiga oddiy to`shak yozilgan, uning to`g`risidagi devor tagida karavot, stol yonida — ikkita stul. Eshik tagida esa pechka. Yaqinlashganimiz zamon qiz o`girildi va men uning yuzini ko`rdim. U menga qo`l uzatib, stulga o`tirishga iltifot qildi, shunda men uy sohibi to`shakka joylashgani, it esa uning oyoqlariga bosh qo`yib yotganiga ko`zim tushdi.

– Mening otam, – dedi qiz, – u allaqachon uxlab qoldi, bizni eshitmaydi. Itning laqabi yo`q. Bir kuni kechasi otam va`z aytayotganida, e yo`q, be yo`q uyimizda paydo bo`lib qoldi. Eshik yopiq edi. It panjasi bilan tutqichni itarib, ichkariga kiribdi.

Qizning qarshisida garangsib turaverdim, keyin asta otasi kim bo`lganini so`radim.

– Otam juda boy bo`lgan, bir qancha fabrikalari bor edi, – dedi qiz ko`zini erga qadab, – lekin u odamlarga haqiqatni etkazish uchun onam va aka-ukalarimni tashlab ketgan.

– Otang targ`ib qilayotganlarining barchasi haqiqat, deb o`ylaysanmi? – deb so`radim.

– Ha, shunday, – deb javob qildi qiz, – bunga hamisha ishonib kelganman, shuning uchun ham otam bilan shu erto`laga kelib yashayapman. Ammo haqiqatni oshkor qilishlari bilan it ham paydo bo`lishini bilmagandim.

Qiz jimib, xuddi mendan nimanidir yurak yutib so`rolmayotganday mo`ltiradi.

– Ko`ppakni haydab yubor, – dedim, lekin qiz bosh chayqadi.

– Uning laqabi yo`q, shunga hech qayoqqa ketmaydi, – dedi qiz shivirlab. U esankirayotganimni ko`rib, stulga o`tirdi. Men ham cho`kdim.

– Nima, qo`rqasanmi? – deb so`radim.

– Men undan har doim qo`rqqanman, – javob qildi qiz. – Bir yil burun onam aka-ukalarim va advokat bilan kelib, otam ikkovimizni uyga qaytarmoqchi bo`lishganda, ular ham itdan o`lgudek vahimaga tushishgan. Kechasi o`rnimda yotganimdayam undan cho`chiyman, lekin endi hammasi boshqacha tus oldi. Mana, sen kelding, endi hech balodan qo`rqmayman. Kelishingni bilardim. Albatta, qanday ko`rinishingni tasavvur qilib ko`rmaganman-u, ammo-lekin bir kun emas, bir kun moychiroq yoqilib, ko`chada shovqin tinganda, otam bilan kirib kelishingga ishonardim. Yarmi erga botgan mana shu xonada, karavotimda, kitoblar yonida menga nikoh kechasini hadya etish uchun kelishingni bilardim. Biz, erkak va ayol, ana shunday yonma-yon yotamiz, anavi erda, to`shakda otam uxlaydi. Otam qorong`uda go`dak misol uxlab qoladi, bahaybat qora it bo`lsa, baxtiqaro ishqimizga soqchilik qiladi.

***

Sevgi qissamizni qanday unutay! To`rtburchak derazalar yalang`och badanlarimiz uzra bug`lanar, biz esa ehtiroslar og`ushida ikki jilg`a yanglig` daryoga quyilardik go`yo. Ko`cha shovqini titroq ingroqlarimizga qo`shilib ketar, goh uyiga qaytayotgan mast-alastlarning aldam-qaldam qadam tovushlari, goh o`rin almashayotgan fohishalarning sallolanib odim otishlari, gohida esa saf tortib ketayotgan askar etiklarining gurs-gursi, undan so`ng jarangdor ot tuyoqlarining taq-taqi, fayton g`ildiraklarining g`ichir-g`ichiri bizgacha etib kelardi. Biz iliq zimistonga chulg`angan er ostida hech narsadan qo`rqmay-cho`chimay yotardik, bir burchakda, to`shakda sassiz o`likday dong qotib uy sohibi uxlar, it oyning sariq gardishi misol ikki ko`zini bizdan uzmay poyloqchilik qilardi.

***

Lovullab-qizarib oltin kuz keldi, undan so`ng bulturgi misli ko`rilmagan ayozsiz, sassiz, mo``tadil qish keldi. Oshna-og`aynilarim bilan tanishtirib, teatrga (qaysiki buyuk ishlar amalga oshirilayotgan) birga borish yoki oqshom cho`kayotgan mahal shaharga tutashib ketmish to`lqinsimon tepaliklarda yaslanib yotgan o`rmonda sayr qilish uchun qizni biron marta erto`ladan aldab-suldab olib chiqolmadim — u doim, qoraqarag`ay taxtalaridan yasalgan stulga qapishgancha, uyda qolar, otasi bahaybat it bilan qaytib kelganda, derazalardan tushib turgan sarg`imtil nurlar ostida meni to`shakka tortardi. Ittifoqo, ko`chalari chilp-chilp loy shaharda qor erib ulgurmagan erta ko`klam chog`i qiz xonamda paydo bo`ldi. Derazadan quyoshning siniq nurlari tushib turibdi. Shom yaqinlashyapti, pechkaga bir-ikki go`la tashlagan bo`ldim. Shu dam ostonada bo`zdek oqarib, titrab-qaqshab qiz paydo bo`ldi, aftidan muzlab qolgandi, egnida paltosi yo`q, birgina tim-ko`k ko`ylagida. Oyoqlarida, huv, o`shanda, uni ilk bor uchratganimdagi qizil mo`ynali tuflisi.

– Itni o`ldir, – dedi qiz nafasi bo`g`ziga tiqilib. Sochlari yoyilgan, ko`zlari ola-kula. Arvohning o`zginasi. Shkafni ochib, to`pponchani oldim.

– Bir kun kelib mendan shu narsani so`rashingni bilgandim, – dedim, – shunga atab qurol sotib olganman. Buni qachon amalga oshirishim kerak?

– Hoziroq, – dedi qiz astagina. – Otam ham itdan qo`rqyapti, avvallari ham qo`rqqan ekan, endi tushundim.

To`pponchani tekshirib, paltomni kiydim.

– Ular erto`lada, – dedi qiz erga qarab. – Otam kuni bo`yi to`shagida qimir etmay yotibdi, turishga qo`rqyapti. Hatto ibodat ham qilolmayapti, it esa eshik tagiga yotvolgan.

***

Daryo tomon tushib, tosh ko`prikdan o`tdik. Samo alanga olayotganday to`q-qizil tusda. Boyagina quyosh botdi. Shahar odatdagidan ko`ra jonlangan. Ko`chalarda odamlar va mashinalar zuv-zuv qatnaydi. Ular go`yo allatovur qonli dengiz aro suzishardi, negaki deraza va devorlarda qip-qizargan shafaq nurlarini jilvalanardi. Biz olomonga qo`shilib ketdik. G`ala-g`ovur, zuv-zuv battar avj olardi. Biz qattiq tormoz bergan avtomobillar va ko`zlari nursiz o`t sochib turgan kattakon mahluq misol chayqalib ketayotgan omnibuslar[1] orasidan o`tib, zo`r berib imo-ishoralar qilayotgan kulrang dubulg`ali polisiyachilar yonidan shoshib bordik. Men shunday shiddat ila olg`a intildimki, qiz anchagina ortda qoldi; nihoyat harsillab, paltom tugmalari echilib, quyuqlashayotgan binafsharang oqshomni qarshi olib, yuqorilab, kerakli ko`chaga kirib bordim. Hayhot, kech qolibman. Qo`limda to`pponcha bilan shitob-la erto`laga sakrab, eshikni zarb bilan tepib ochib kirganimda, oynani sindirib, ko`chaga otilgan qo`rqinchli mahluqning ulkan soyasini ko`rib qoldim. Polda it tanib bo`lmas darajada g`ajib tashlagan uy sohibi og`zidan ko`pigi kelib, qora qonga belanib yotardi.

***

Qo`rquvdan dag`-dag` titrab, devorga suyangancha, kitoblarga ko`milib turganimda, ko`chada mashinalar signali yangradi. Zambil ko`targan odamlar kirib kelishdi. Keyin jasad tepasida turgan vrachning g`ira-shira qiyofasini, tish-tirnog`igacha qurollangan bo`zdek oqargan polisiyachilarni ko`rdim. Hamma yoqni olomon bosdi. Ovozim boricha qizni chaqirdim. Shahar ichiga otildim, tag`in ko`prikdan o`tib, uyimga keldim. Qiz yo`q. Ruhim tushib, uyqu, tin olishni bilmay, eb-ichini-da unutib, qizni har erdan qidirdim. Polisiya oyoqqa turdi. O`sha bahaybat itdan hamma qo`rqarkan, qidiruvga mahalliy garnizon askarlari ham jalb qilindi, ular zanjir bo`lgancha atrofdagi o`rmonlarning tit-pitini chiqarib oralab chiqishdi. Loyqa daryoda tinmay qayiqlar oqib turdi, uzun-uzun xodalar bilan daryo tubini tekshirishdi.

Shahar va tevarak-javonibga ko`kning iliq ko`z yoshlarini to`kkancha ko`klam keldi. Qidiruv ishlari tosh konidagi g`orlarga ko`chdi. Qo`llarda mash`ala bilan qizni baqirib chaqirishdi. Uni kanalizasiya tunnellarida, hatto mahalliy jome cherkovi tomi ostlaridan ham izlashdi. Shundan keyin qiz bilan itni qaytib hech kim ko`rmadi.

Oradan uch kun o`tib, qoq yarim tunda uyga qaytdim. Bor umidimni uzib, echinib-netmasdan, o`zimni karavotga tappa tashladim va shu asnoda ko`chadan qadam tovushlari eshitildi. Chopib borib, derazani lang ochdim-u, tun bag`riga ko`z tikdim. Pastda hali yomg`ir suvi qurib ulgurmagan qop-qorong`u ko`cha ichakday cho`zilib yotibdi. Xo`l asfaltda ko`cha chiroqlarining nurlari notekis zarrin dog`day akslanib turibdi, ko`cha bo`ylab daraxtlar yonidan qoramtir ko`ylak va qizil tuflida qiz ketib borardi, taram-taram uzun sochlari ko`kish tovlanadi, uning yonida muloyim-yuvoshgina bo`lib, sarg`ish ko`zlari yiltillab, qaro tunday qop-qora it lakillab borardi.


Fridrix DYuRRENMATT (Shveysariya)

Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi.


[1]Omnibus — ko`p o`rinli kirakash izvosh (izohlar tarjimonniki).


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1