Iste`molchi sifatida haq-huquqlarimizni himoya qilishimiz kerakligi juda ko`p gapirilgan. Biroq baribir shu muammoga duch kelganimizda dastavval nima qilishni bilmay qolamiz. Keling, haqimizni talab qilish yo`llarini qadamma-qadam, puxta o`rganamiz.
Savollarimizga O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi raisi o`rinbosari, ijrochi direktori Nodirbek Yusupov; Іuquqiy himoya, tashkiliy kadrlarva uslubiy bo`lim boshlig`i Inomjon Tagaev; Matbuot, axborot, jamoatchilik nazorati va xorijiy aloqalar bo`limi bosh mutaxassisi Umida Mansurovalar javob beradi.
Muddati o`tgan bo`lsa…
Siz xarid qilgan oziq-ovqat yoki boshqa turdagi mahsulotning muddati o`tganini uyga kelgach, bilib qoldingiz...
1-qadam. Xariddan so`ng 24 soat o`tib ulgurmasidan o`sha savdo shoxobchasiga borib, vaziyatni tushuntiring. Pulingizni qaytarib berishlari yoki mahsulotni almashtirishlarini so`rang. Talabingiz qondirilsa, hamma mamnun. Ammo sotuvchi rad etsa-chi?..
2-qadam. O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasining “1091” ishonch telefoniga qo`ng`iroq qiling. Bundan tashqari, shikoyatingizni Federasiyaning rasmiy sayti “www.istemol.uz” virtual qabulxonasiga yozib qoldirishingiz mumkin. Murojaatlar og`zaki, yozma yoxud elektron shaklda bo`lishidan qat`i nazar, bir xil ahamiyatga ega. Murojaatlar davlat tili da vaboshqa tillarda berilishi mumkin.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining2003 yil 13 fevraldagi 75-sonli qaroriga ko`ra, sifatsiz tovar sotilgan xaridor, agar nuqsonlar sotuvchi tomonidan aytilmagan bo`lsa, o`zining tanloviga ko`ra, sotuvchidan (oziq-ovqat tovarlariga nisbatan xaridor xarid qilingandan keyin 24 soat mobaynidabunday huquqqa ega bo`ladi): mahsulotni aynan shunday tovarga almashtirishi yoxud unga to`langan pulni qaytarishini talab qilishi mumkin.
Unutmang! Iste`molchida xarid uchun berilgan nazorat kassa cheki bo`lishi shart!
Sifati talabga javob bermasa…
Deylik, oziq-ovqat, kosmetika yoxud tozalash vositalarining yaroqlilik muddati o`tmagan bo`lsa-da, uni sotib olgach, ochib (totib, ishlatib) ko`rganingizda sifati buzilganini angladingiz.
1-qadam. Bu holatda ham avvalo, savdo amalga oshirilgan do`konga yo`l olasiz. Ammo sotuvchi mahsulotning qadog`i (birkasi) ochilgani bois uni qaytarib olmasligini aytsa-chi?..
2-qadam. Yuqorida qayd etilgan ishonch telefoni yoki virtual qabulxonaga murojaat etishga to`la haqlisiz. Zero, amaldagi qonunchilikka ko`ra, mahsulot uchun to`langan pulni xaridorga qaytarishda sotuvchi tovardan to`liq yoki qisman foydalangani, tovar qadog`iga zarar etganligi yoki boshqa shunga o`xshash holatlar tufayli mahsulotning qiymati pasaygan summani xaridordan ushlab qolishga haqli emas.
Shikoyat qancha muddatda ko`riladi?
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risidagi O`zbekiston Respublikasi qonunining 28-moddasiga ko`ra, ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart bo`lgan davlat organi, tashkilot yoki mansabdor shaxsga kelib tushgan kundan e`tiboran, o`n besh kun ichida, qo`shimcha o`rganish va (yoki) tekshirish, qo`shimcha hujjatlarni so`rab olish talab etilganda esa bir oygacha bo`lgan muddatda ko`rib chiqiladi.
Ariza va shikoyatlarni ko`rib chiqish uchun tekshirish o`tkazish, qo`shimcha materiallarni so`rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar qo`llash zarur bo`lgan hollarda ularni ko`rib chiqish muddatlari tegishli davlat organining, tashkilotningrahbari tomonidan istisno tariqasida uzog`i bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin. Bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.
«Terminalga boshqa narx, naqd pulga boshqa...”
Misol uchun, biror mahsulotning narxini savdolashdingiz. Sotuvchi naqd pulga arzonroq berishga rozi, biroq to`lovni plastik kartochka orqali amalga oshirsangiz, bunday qilolmasligini ma`lum qildi. Ushbu holat yuzasidan iste`molchi shikoyat qilishga haqlimi?
Albatta! Plastik karta bilan naqd pul mablag`lari tenglashtirilgan qiymatga ega. Ikkilanmay, davlat soliq qo`mitasining 244-98-98 ishonch telefoniga murojaat qilishingiz yoki www.soliq.uz saytidagi virtual qabulxonaga yozishingiz mumkin.
«Terminalimiz yo`q»
Bunday paytda xaridor naqd pul to`lashga majburmi?
Unutmang! Mazkur holatda ham Davlat soliq qo`mitasining ishonch telefoniga yoki virtual qabulxonasiga murojaat etish o`rinli.
Shohsanam NIYoZOVA yozib oldi.