1

Janubiy Koreya 5 mamlakat bilan erkin savdo to`g`risidagi kelishuvni imzoladi

Dunyo 21.02.2018, 11:15
Janubiy Koreya 5 mamlakat bilan erkin savdo to`g`risidagi kelishuvni imzoladi

Koreya Respublikasi va Panama, Kosta-Rika, Gonduras, Salvador, Nikaragua davlatlari 21 fevral kuni keyingi 10 yil davomida 95 foiz import tovarlariga qo`yilgan cheklovlarni bekor qilishni ko`zda tutuvchi erkin savdo to`g`risidagi bitimni imzolashdi. Bu haqda Janubiy Koreyaning Savdo, sanoat va energetika vazirligi ma`lum qildi deyiladi RIA xabarida.

Manbaaning xabar berishicha, hujjatni imzolash uchun Kosta-Rika tomonidan Tashqi savdo vaziri Aleksander Mora, Salvador Iqtisodiyot vaziri Taris Salomon Lopes Guzman, Gonduras Iqtisodiy rivojlanish vaziri Arnaldo Kastilo, Nikaragua Savdo va sanoatni rivojlantirish vaziri Orlando Solo, Panama Savdo-sanoat vazirining o`rinbosari Diana Salazar hamda Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vaziri Kim Xyon Chjon ishtirok etgan.

2015 yildan buyon muhokama qilib kelinayotgan ushbu hujjat Koreya Respublikasi bilan Markaziy Amerika mamlakatlari o`rtasida keng qamrovli strategik sheriklikni tashkil etishni nazarda tutadi.

Koreya Respublikasi bilan Markaziy Amerika mamlakatlari o`rtasida erkin savdo to`g`risidagi kelishuv ishtirokchi davlatlarning parlamenti tomonidan tasdiqlangach, kuchga kiradi. Janubiy Koreya kelishuv ishtirokchilari taklif etishi mumkin bo`lgan tabiiy resurslarga qiziqish bildirayotgan bo`lsa, o`z navbatida, Markaziy Amerika davlatlari Janubiy Koreya sarmoyalarini jalb qilish va o`z mahsulotlarini ushbu mamlakat bozorlariga chiqarishdan manfaatdor.

Hozirgi kungacha, Janubiy Koreya ushbu mintaqada Chili (2003), Peru (2011) va Kolumbiya (2013) bilan erkin savdo shartnomasini imzolagan. Shuningdek, Ekvador bilan ham erkin savdo sharnomasiga muqobil ravishda bitim tuzish bo`yicha muzokaralar olib bormoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1