Xalqaro epizootik byuroning rasmiy ma`lumotlariga ko`ra, 2017 yil mobaynida dunyoning ko`pgina mamlakatlarida, shuningdek, O`zbekiston bilan chegaradosh hisoblangan Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston va Afg`onistonda oqsil, chechak, kuydirgi, quturish, o`lat va Qrim-Kongo gemorragik isitma kabi inson va hayvonlar uchun o`ta xavfli yuqumli kasalliklar qayd etilgan.
Mutaxassislarning fikriga ko`ra, epizootik vaziyat hamon murakkabligicha qolmoqda.
Sog`liqni saqlash vazirligi ma`lumotlariga ko`ra, 2018 yilning o`tgan davrida respublikada tabiiy o`choqlarning faollashuvi natijasida O`zbekistonda Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi 16 holatda qayd etilgan, deb yozadi O`zA.
Jumladan, Sirdaryo viloyatida – 7 ta, Qashqadaryoda – 5 ta, Jizzaxda – 3 ta, Qoraqalpog`istonda – 1 ta Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi bilan bog`liq holat qayd etilgan.
Xo`sh, bu kasallik haqida bizga nimalar ma`lum?
Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi o`ta xavfli yuqumli kasalliklar guruhiga kiradi. U mahalliy aholi tilida “qora o`lim” deb ham yuritiladi.
Kasallik odamlarga asosan mayda shoxli va yirik shoxli qoramollardagi kanalarni terish, ularni junini olish yoki cho`l hududlarida ularni boqish jarayonida kana chaqishi orqali yuqadi. Iksod kanalarining hazm yo`llarida ko`plab miqdorda kasallik qo`zg`atuvchisi bo`lgan viruslar bo`ladi va kana odamni chaqqanda qoniga tushadi.
Ushbu kasallik bilan hayvonlar kasallanmaydi va klinik belgilar namoyon qilmaydi. Hayvonlar kasallik qo`zg`atuvchisi va tashuvchisi (kanalar) uchun rezervuar bo`lib hisoblanadi.
Virus ajratgan moddalar natijasida odam qoni ivishi izdan chiqadi. Oqibatda burun va boshqa tabiiy teshiklardan qon ketishi kuzatiladi. Kasallik og`ir kechadi va o`z vaqtida yordam ko`rsatilmasa oqibati noxush tugashi mumkin.
Kanani qo`lda terish, o`ldirish mumkin emas.
Iksod kanalarini butunlay yo`q qilishning iloji yo`q. Ular nihoyatda yashovchan bo`lib molxona devori tirqishida o`n yilgacha och uxlashi isbotlangan.
Kasallikka qarshi kurashish uchun biz nima qilishimiz lozim?
Qishloq hududlaridagi yakka xo`jaliklarda chorva mollarini saqlash sharoitini to`g`ri tashkil etish va kanalarning ko`payishiga yo`l qo`ymasliklariga alohida e`tibor qaratish zarur.
Kanalarni yo`q qilish uchun uy hayvonlari terisi yilning mart oyidan sentyabr oyiga qadar haftada bir marta xlorli birikmalar bilan maxsus ishlovdan o`tkazilishi lozim.






