Shu kunlarda Toshkent shahar IIBB YHX Boshqarmasi xodimlari tomonidan to`xtash yoki to`xtab turish qoidabuzarligi yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko`rilmoqda, deb xabar qiladi boshqarma matbuot xizmati.
Jumladan, to`xtash yoki to`xtab turish qoidasini buzgan haydovchilarga nisbatan joyida ma`muriy bayonnomalar rasmiylashtirib kelinmoqda. Agarda transport vositasining haydovchisi bo`lmasa va to`xtash yoki to`xtab turish qoidalariga rioya kilinmaganligi oqibatida mazkur transport vositasi yo`l harakati ishtirokchilarining harakatlanishiga halaqit bersa, MJtKning 291-moddasiga asosan transport vositasini maxsus to`xtash joylari (jarima maydoni)ga evakuasiya qilinmokda.
Prezidentning 14 fevral kunidagi “Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to`g`risida”gi qarorida ikki oy muddatda ilg`or xorijiy tajribani o`rganish asosida Vazirlar Mahkamasiga Toshkent shahrida transport vositalari haydovchilari tomonidan to`xtab turish qoidalarini buzish bilan bog`liq ma`muriy huquqbuzarliklar to`g`risidagi ishlarni yuritishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish to`g`risida takliflar kiritish, bunda haydovchisi bo`lmaganda ham noto`g`ri to`xtab turish holatini qayd etish va bayonnomalar tuzilishi nazarda tutilgan.
Mazkur qaror talablari ijrosi yuzasidan tegishli takliflar tayyorlanmoqda, deyiladi xabarda.
Hozirgi vaqtda poytaxt ko`cha va yo`llarida o`rnatilgan 3.27 (To`xtash taqiqlangan) va 3.28 (To`xtab turish taqiqlangan) yo`l belgilarini xatlovdan o`tkazish ishlari olib borilmoqda. Xatlov davomida hozirgi kunda o`z ahamiyatini yo`qotgan yo`l belgilarini olib tashlash, shuningdek, 3.27 (To`xtash taqiqlangan) yo`l belgilarini 3.28 (To`xtab turish taqiqilangan) yo`l belgilariga almashtirish choralari ham ko`rilmoqda.
Ma`lumot uchun:
MJtKning 1286-moddasi - transport vositalari haydovchilarining to`xtash yoki to`xtab turish qoidalarini buzishi
Transport vositalari haydovchilarining to`xtash yoki to`xtab turish qoidalarini buzishi eng kam ish haqining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo`ladi. (hozirgi kunda 516 720 so`mni tashkil etadi).
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xuddi shunday huquqbuzarlikni ma`muriy jazo qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish eng kam ish haqining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo`ladi (861 200 so`mni tashkil etadi).
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xuddi shunday huquqbuzarlikni ikki marta ma`muriy jazo qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish eng kam ish haqining o`n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo`ladi (1 722 400 so`mni tashkil etadi).
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xuddi shunday huquqbuzarlikni uch marta va undan ortiq ma`muriy jazo qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish eng kam ish haqining o`n besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo`ladi (2 583 600 so`mni tashkil etadi).






