O`zbekistonning Samarqand viloyati bilan Tojikistonning So`g`d viloyatini bog`lab turuvchi “Sarazm-Jartepa” nazorat-punktidagi katta devor buzib tashlandi.
"Sa-news" nashrining yozishicha, devorni buzish marosimida har ikki davlat chegarachilari delegasiyalari ishtirok etdi. Ikki davlat sarhadidagi mazkur to`siq 2010 yilda qurilgan bo`lib, uning balandligi 3 metr va uzunligi 10 metrga teng edi.
Tojikiston davlat hokimiyati vakillarining qayd etishicha, mazkur punktda terminal, mehmonxona va avtoturargoh barpo qilinadi.
Panjikent tumani Sarazm qishlog`ida yashovchi Osim Jamolovning aytishicha, mahalliy aholi chegaradagi o`zgarishlarni bir-biriga qo`shni ikki mamlakat o`rtasidagi aloqalar yanada yaxshilanib borayotganining yana bir tasdig`i deb biladi.
Tojikistonlik jurnalist Shohin Ravshan esa ayni paytda Panjikentda Navro`z bayramiga qizg`in tayyorgarlik ko`rilayotganini ta`kidlar ekan, bayram tadbirlarida O`zbekistondan delegasiya tashrif buyurishi ham kutilayotganini e`tirof etdi.






