1

Prezident “O`zbekiston havo yo`llari”ni qattiq tanqid qildi

Jamiyat 23.02.2018, 10:04
Prezident “O`zbekiston havo yo`llari”ni qattiq tanqid qildi

Jahon sayyohlik tashkiloti ma`lumotiga ko`ra, dunyo bo`ylab sayyohlarning qariyb 60 foizi eng qimmat ekaniga qaramasdan, havo transportidan foydalanadi. Shunday ekan, turizm salohiyatini oshirishda aviaqatnovlarning tutgan o`rniga alohida e`tibor qaratildi.

22 fevral kuni Shavkat Mirziyoev raisligida ichki turizmni yanada rivojlantirishga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishida “O`zbekiston havo yo`llari” milliy aviakompaniyasinig bu boradagi sustkashligi qattiq tanqid qilindi.

— Aviachiptalar narxini optimallashtirish, yangi reyslar ochish, tranzit yo`lovchilarni tashish imkoniyatini oshirish va aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish bo`yicha natijali ish olib borilmayapti, - deya, alohida ta`kidladi Prezident.

Shundan kelib chiqib, “O`zbekiston havo yo`llari” milliy aviakompaniyasi oldiga qator vazifalar qo`yildi. Ularga muvofiq aviakompaniya tizimiga zamonaviy marketing joriy etiladi, dunyo aeroportlarida mavjud bo`lgan maxsus moslamalar, mobil aloqa vositalari yordamida aviachipta sotib olish imkoniyatlari yaratiladi.

Chet el tajribasini o`rganish asosida “Qarshi” aeroportida “Ochiq osmon” rejimi joriy qilinib, sayyohlarga keng erkinlik yaratilmoqda. Kelgusida shunday tizim Andijon, Nukus va Navoiy aeroportlarida ham qo`llanadi.

Yig`ilishda qayd etilganidek, 30 kungacha viza olish bekor qilinganidan keyin ikki kun ichida Isroildan O`zbekistonga kelish uchun iyun oyigacha bo`lgan aviachiptalar sotib bo`lingan. Shu bois viza rejimi bekor bo`lgan davlatlardan qatnovlar soni oshiriladi, Toshkent shahridan tashqari Buxoro, Samarqand, Urganch, Navoiy va Qarshi shaharlariga ham to`g`ridan-to`g`ri reyslar ochiladi.

Prezident sayyohlarning kayfiyatiga ta`sir qiladigan eng kichik jihatlargacha e`tibor qaratdi. Aeroportlar zallaridagi chiroqlar xiraligi, pasport nazorati kabinalari to`liq ishlamasligi, uzundan-uzoq sun`iy navbatlar, taksi xizmati ko`rsatuvchi xususiy avtomobil egalarining tartibsizligi kabi holatlarni yaxshilash bo`yicha ham topshiriqlar berildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1