Xorazm viloyati ichki ishlar boshqarmasi tizimida «Ezgulik patruli» ish boshladi, deb xabar beradi O`zA.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 noyabrdagi “Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarida xavfsiz turizmni ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga muvofiq, viloyatda xavfsiz turizmni ta`minlash maqsadida tashkil etilgan ushbu guruh xorijiy tillarni biladigan malakali xodimlardan tarkib topgan.

Istarasi issiq, ochiq chehrali, xizmat kiyimi o`ziga yarashib turgan yigit-qizlar Urganch va Xiva shaharlarida jamoat tartibini saqlash, shaharliklar va mehmonlarga soha bo`yicha zarur xizmatlar ko`rsatish barobarida o`zlariga murojaat qilgan har qanday fuqaro bilan muloqotda samimiy, agar zarurat bo`lsa, birinchi tibbiy yordam ko`rsata oladi. Eng muhimi, zamonaviy aloqa vositalari va xizmat anjomlari bilan ta`minlangan ushbu xodimlar xorijiy tillarda erkin so`zlasha oladi. 

Bugungi kunda bu kabi «Ezgulik patruli» Xiva shahrining “Ichan qal`a” majmuasi, Urganch temir yo`l vokzali va xalqaro aeroporti atrofida xizmat olib borayotgan bo`lsa, kelgusida ularning safini yanada kengaytirish ko`zda tutilgan.
Bundan tashqari, Xorazm viloyatida ichki ishlar organlarining otliq patrul guruhlari xizmati ham tajriba tariqasida yo`lga qo`yildi.






