1

Yulduz Usmonovaning tilla taqinchoqlarini o`marib ketishdi

Jinoyat 23.02.2018, 15:33
Yulduz Usmonovaning tilla taqinchoqlarini o`marib ketishdi

Gap G`ijduvon tumani Gajdumak mahalla fuqarolar yig`ini hududida istiqomat qiluvchi Yulduz Usmonova haqida bormoqda. Uning huzuriga o`tgan yil kuz kunlarining birida ikki notanish ayol keladi.

“Eski paltolarning yoqasini, tanga, tilla taqinchoqlar sotib olamiz” deyishadi ular. Yulduzning qulog`idagi zirak so`zamol ayollarning e`tiborini tortadi.
— Singiljon, xohlasangiz, ziragingizning tilla yoki tilla emasligini bir zumda aniqlab beramiz, — deydi ularning biri.

Kutilmagan mehmonlarning gaplariga mahliyo bo`lib qolgan uy bekasi ziragini echib, uzatadi. “Hojatbarorlar” uni qandaydir suyuqlikka botirishadi. Sirg`a qorayib qoladi. Shu tariqa Yulduz ularga ikki juft ziragi va tilla zanjirini ham chiqarib beradi. Suyuqlikka tushgach, ular ham qoramtir tusga kiradi. Shunda o`zini “Nafisa” deb tanishtirgani qoraygan taqinchoqlarni ikki soat ichida tozalab keltirib beramiz, deydi va o`zining ziragini Yulduzga garov tariqasida qoldiradi.

Notanish mehmonlar ikki tugul besh-olti soatdan keyin ham qaytib kelishmadi. He yo`q, be yo`q, 1 million 600 ming so`mlik 2 juft ziragi va bahosi 1 million so`mlik tilla zanjiridan ayrilgan uy bekasining yuragiga qil ham sig`may qoldi. Halovatini yo`qotgan ayol ichki ishlar boshqarmasiga murojaat qildi.

Qidiruv ishlari boshlab yuborildi. Firibgar ayollar qayoqqa ham qochib borishardi. Ularni topishdi. Soddadil Yulduz Usmonovani chuv tushirganlar Farg`ona vodiysidan bo`lgan S. D. va X. S.lar ekani ma`lum bo`ldi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atildi. Yulduz-chi, dersiz. U uchun bu bir saboq bo`ldi. Aks holda etti yot kishilarning nayrangiga uchib, pand eb qolmagan bo`lardi, deb yozadi "Xalq so`zi" nashri.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1