AsosiyJamiyat

Prezident Navro`zni nishonlash bo`yicha qaror imzoladi

'Prezident Navro`zni nishonlash bo`yicha qaror imzoladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bugun, 23 fevral kuni «2018 yilgi Navro`z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish to`g`risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O`zA saytida keltirilgan.

Unga ko`ra, Navro`z bayrami poytaxt Toshkent shahrida, Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, barcha shahar, tuman, qishloq va ovullarda umumxalq sayillari shaklida yuqori darajada o`tkazishga qaratilgan, «Aziz vatandoshlar, har kuningiz Navro`z bo`lsin!» degan g`oyani o`zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma`naviy hamda targ`ibot-tashviqot ishlari dasturi bo`yicha o`tkaziladi.

Mazkur dasturni tayyorlashda quyidagi masalalarga alohida e`tibor qaratiladi:

Navro`z munosabati bilan inson o`zini tabiat farzandi, uning ajralmas bir qismi deb his etishini ifoda etadigan, atrof-muhitni, ona zaminni asrab-avaylashga, bugungi tinch, erkin va farovon hayotni qadrlab, uni himoya qilib yashashga chorlaydigan ma`naviy-ma`rifiy tadbirlarni tashkil qilish;

barcha shahar va qishloqlarda Navro`zning tarixi, mazmuni va falsafasini, ushbu bayramni o`tkazish bilan bog`liq urf-odatlar, qadriyat va an`analarning mohiyati va ahamiyatini o`zida mujassam etgan ommaviy sayillar o`tkazish;

Navro`z kunlarida yordamga muhtoj insonlar, keksalar, nogironlar va kam ta`minlangan oilalar holidan xabar olish, ularga beg`araz ko`mak berish, jamiyatda o`zaro hurmat, do`stlik va hamjihatlikni kuchaytirishga qaratilgan savob ishlar, xayriya tadbirlari va ommaviy hasharlarni amalga oshirish;

Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bo`lib o`tadigan sayillarga folklor-etnografik guruhlari va ansambllarni, taniqli san`atkorlar, havaskor xonanda va sozandalar, baxshilar, askiyachi va qiziqchilar, dorbozlarni, yosh ijrochilarni keng jalb etish;

xalq sayillari dasturlarini tayyorlashda xalqona o`yinlar, folklor san`atining eng yaxshi namunalariga keng o`rin berish, hunarmandlik ko`rgazmalarini tashkil etish, ibratli oila, ibratli mahalla, ibratli maktab, mohir baxshi, mohir laparchi yo`nalishlari bo`yicha ko`rik-tanlovlar o`tkazish, adabiy-badiiy uchrashuvlar, kitob bayramlarini tashkil etish.

Shuningdek, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Navro`z bayramiga bag`ishlab aholining keng qatlamlari o`rtasida ma`rifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, ijodiy kechalar o`tkazish maqsadida taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar va san`atkorlardan iborat ma`naviy-ma`rifiy targ`ibot guruhlari tashkil etiladi.

Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o`tkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga ommaviy tomoshalar bo`yicha yuksak mahorat va tajribaga ega bo`lgan ssenarist va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, kompozitor va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste`dodli yosh ijrochilar, folklor san`ati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etiladi.

Mazkur qarorning ijrosini ta`minlash O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov zimmasiga yuklatildi.

    Boshqa yangiliklar