Yaponiyaning "JIJI Press" axborot agentligi nashrlarida 22 fevral kuni jurnalist Keisuke Masuo qalamiga mansub «O`zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasida brifing: Yaponiya fuqarolari uchun 30 kun muddatga vizasiz tartib joriy qilindi» sarlavhali maqolasi e`lon qilindi.
«JIJI Press» axborot agentligi mustaqil axborot agentlik sifatida 1945 yilda tashkil etilgan, faoliyatining asosiy yo`nalishlari Yaponiya va dunyoda ro`y berayotgan voqealarni yoritish, mamlakatning etakchi markaziy va hududiy gazetalari, telekompaniyalari, shuningdek, Reuters, Associated Press va boshqa xorijiy ommaviy axborot vositalari uchun materiallar to`plash, tayyorlash va tarqatishdan iborat.
Maqola avvalida 22 fevral kuni O`zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasida brifing o`tkazilgani xabar qilingan. Tadbir O`zbekistonda Yaponiya fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy qilinganiga bag`ishlangan. Unda Yaponiya ijtimoiy-siyosiy va ishbilarmon doiralari, etakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan.
Agentlik O`zbekistonning Yaponiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi G`ayrat Fozilovning Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida O`zbekistonning turizm sohasidagi salohiyatini kompleks tarzda rivojlantirishga qaratilgan keng miqyosli chora-tadbirlar ko`rilayotgani haqidagi so`zlarini keltirgan. Jumladan, davlatimiz rahbarining "O`zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo`yicha qo`shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to`g`risida"gi farmoniga muvofiq 10 fevraldan Yaponiya fuqarolari uchun 30 kun muddatga vizasiz tartib joriy qilingani O`zbekistonga keluvchi yaponiyalik sayyohlar oqimini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Maqolada ta`kidlanganidek, O`zbekistonning buddizm davriga doir qadim shaharlari qoldiqlarida o`tkazilgan arxeologik qazishmalar davomida topilgan osori-atiqalar hamda Yaponiyadagi "Syosoin" muzeyida saqlanayotgan buyumlarning o`xshashligi Samarqand va Nara shaharlari o`rtasida azal-azaldan yaqin aloqalar mavjud bo`lganidan dalolat beradi. Shu ma`noda, Yaponiyada faoliyat yuritayotgan sayyohlik kompaniyalariga O`zbekistonga sayohatni buddizm bo`yicha sayohatning yangi yo`nalishi sifatida qarash taklif etildi.
Brifing ishtirokchilari, deb davom etadi muallif, O`zbekiston Prezidentining "Kirish turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida"gi qaroriga muvofiq, sayyohlar jamoat joylari, bino va inshootlarni erkin foto va videosuratga olishi mumkinligi, bundan tashqari, 2018 yildan barcha sayyohlarning e`tiborini tortayotgan Toshkent metrosi bekatlarida suratga tushirishga doir taqiq bekor qilinishi to`g`risida xabardor etildi.






