AsosiyJamiyat

Dushanbeda “O`zbekistonda ishlab chiqarilgan” brendi ostida milliy mahsulotlar ko`rgazmasi o`tkaziladi

'Dushanbeda “O`zbekistonda ishlab chiqarilgan” brendi ostida milliy mahsulotlar ko`rgazmasi o`tkaziladi'ning rasmi

Mart oyining birinchi yarmida Dushanbe shahrida "O`zbekistonda ishlab chiqarilgan" brendi ostida milliy mahsulotlar ko`rgazmasi va ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari uchun biznes-forum bo`lib o`tadi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati juma kuni xabar qildi.

Ko`rgazmada avtomobilsozlik, qishloq xo`jaligi, oziq-ovqat, engil sanoat, farmasevtika, kimyo, neft va gaz, metallurgiya va elektrotexnika sanoati mahsulotlari, qurilish materiallari va hunarmandchilik buyumlari namoyish etiladi.

«Xorijiy mamlakatlarda shu kabi milliy mahsulotlar ko`rgazmasi va biznes-forumlarning o`tkazilishi, xorijiy sheriklar bilan mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga etkazish bo`yicha hamkorlikni yo`lga qo`yishga imkon beradi. Bugungi kungacha Toshkent va Dushanbe shaharlarida tashkil etilgan o`zaro milliy ko`rgazmalar doirasida qiymati 100 million dollardan ortiq bo`lgan savdo sohasidagi shartnomalar imzolangan", degan Tashqi savdo vaziri Jamshid Xo`jaev.

Hozirgi paytda o`zbek mahsulotlarini sotib olish uchun Tojikiston banklariga kredit liniyalari taqdim etish bo`yicha faol ishlar olib borilmoqda. Ushbu imkoniyat qisqa vaqt ichida ikki mamlakat o`rtasida biznes faollikni sezilarli darajada oshirishi kutilmoqda.

Eslatib o`tamiz, 2017 yilda mamlakatlar o`rtasidagi tovar aylanmasi 236,8 million dollarni tashkil etdi, bu o`tgan yilgi ko`rsatkichdan 20,2 foizga ko`pdir. Tojikistonga asosan transport xizmatlari, mineral o`g`itlar va oziq-ovqat mahsulotlari eksport qilinadi. Shuningdek, O`zbekiston hududida Tojikiston kapitali ishtirokida 22 korxona faoliyat yuritmoqda.

    Boshqa yangiliklar