Joriy yilning 1-2 mart kunlari Toshkentda Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo`yicha O`zbekiston — Turkmaniston hukumatlararo komissiyasining 14-yig`ilishi bo`lib o`tadi.
Bu haqda mamlakatimizning Turkmanistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Akmaljon Qo`chqorov Ashxobod shahrida ikki davlat o`rtasida diplomatik aloqalar o`rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan o`tkazilgan brifingda aytib o`tdi.
Elchi, shuningdek, shu yil 7 martdan boshlab ikki mamlakat poytaxtlarini bog`laydigan to`g`ridan-to`g`ri aviaqatnovlar yo`lga qo`yilishi, mart oyi oxirida esa Turkmanistonda O`zbekistonning sanoat salohiyati ko`rgazmasini o`tkazish mo`ljallanayotgani haqida aytib o`tdi.
Anjuman doirasida O`zbekiston elchixonasi tomonidan yurtimizning “Bek Tour” (Xorazm) va “Authentic Travel” (Buxoro) turoperatorlari bilan hamkorlikda turkmanistonlik qardoshlarimiz hamda dipkorpus xodimlari uchun tayyorlangan, ushbu tarixiy shaharlarga ikki kunlik sayohatni o`z ichiga olgan “Ajoyib, ertaknamo Xiva” va “Amir poytaxti bo`ylab sayohat” turistik paketlari taqdimoti ham tashkil etildi, deyiladi “Jahon” AA xabarida.






