1

Qilmish-qidirmish

Jinoyat 27.02.2018, 12:58
Qilmish-qidirmish

BOY BERILGAN YuRAK

Koreyadan Suriyaga otlangan gumrohlarning so`nggi manzili xususida

Odamzot yaralibdiki, uning qismatida doim bir bitik bor: tirikchilik tashvishiga yo`liqish. Buning uchun u to`g`ri va egri yo`ldan birini tanlashga majbur. Ammo ularning qay biridan yurish har kimning o`z ixtiyorida.

Tirikchilik, ro`zg`or tashvishi Asadbek Salimovni (ism-familiyalar o`zgartirilgan) ham o`zga yurtlarda ko`proq pul topishga undadi. Shu maqsadda u 2011 yil iyun oyida mehnat birjasi orqali Janubiy Koreya davlatiga yo`l oldi. Kvangju shahridagi Domyang posyolkasida beton quyish zavodiga ishga joylashdi. Asalbek o`zga yurt, begona odamlar orasida yolg`izlanib qolmadi. Ushbu zavodda ishlovchi yana 8 nafar o`zbek musofirchilikda bir-birlariga elkadosh, maslakdosh bo`lishdi.

O`zga erning nonini eyish oson emas. Ayniqsa, ota-ona, do`stu birodar, yurt sog`inchi ko`ngilni qiynab tursa... Biroq qanchalik mushkul bo`lmasin, Asadbek yaxshi ishlab, ko`proq pul topish ilinjida bariga chidadi, musofirlikning qiyinchiliklar bilan “tillashdi”. Toki...

Ixlos deb qo`yilgan qadam

Asadbek 2012 yil mart kuni zavodda ishlayotgan vaqtida baxtsiz hodisa tufayli qo`lidan qattiq jarohat oldi. Uch oy davomida Kvangjau shahridagi shifoxonada stasionar davolanishga majbur bo`ldi. Biroq davo choralari uni ishga qaytishi uchun etarli bo`lmadi. Ishni yig`ishtirib, yana uch oy mobaynida Domyung posyolkasida salomatligini tiklashiga to`g`ri keldi.

Ish jarayonidagi mana shu olti oylik tanaffus Asadbekning ongi-yu, ko`ngligini g`araz niyatlar zabt etishi uchun etarli bo`ldi. U davolanayotgan paytida bo`sh vaqti ko`p bo`lgani sababli namoz amallarini o`rgandi. Ammo bu siz-u bizning tushunmamizdagi pokiza e`tiqod emas edi. Negaki, din-u diyonatga ixlos bilan qo`yilgan qadam uni xudbinlik, gumrohlik ko`chasiga olib kirdi.

U 2013 yil iyul oyida mehnat ta`tiliga chiqib, o`zi tug`ilib o`sgan manzil — Shofirkonga, oilasiga bag`riga qaytdi. O`rgangan ko`ngil o`rtansa, qo`ymas deganlaridek, sentyabrda yana Koreyaga tomon shoshdi. Bu gal u Seul shahrining Suvon kichik shaharchasi Xvason posyolkasidagi metallarni lazer bilan kesish sexiga ishga joylashdi. Har oy 1.720. 000 von, ya`ni 1.500 AQSh dollari atrofida maosh oldi. Mazkur sexda u bilan birga Toshkent viloyati Oqqo`rg`on tumanidan Arslon Usmonov ham birga ishlardi. Arslon o`z undan namoz o`qishni o`rgandi. U Asadbekning birinchi va eng muhim «shogird»i bo`ldi.

Sex boshlig`i migrantlarning oila a`zolari bilan suhbatlashish uchun ularning har biriga Internetga ulangan kompyuter bergan edi. Asadbek ish vaqti tugagandan so`ng u orqali oila a`zolari bilan suhbatlashib turardi. Uzoq yurtlarda yurgan farzandini tunu kun duo qilayotgan mushtipar ota-ona, turmush o`rtog`ini eson-omon qaytishini kutayotgan intizor rafiqa, otasining qaynoq mehriga mushtoq farzandlar uchun bu bir muncha taskin va tasalli edi. Ammo...

Virtual «e`tiqod»

Asadbek vaqt topdim deguncha Internetdan turli mazmundagi diniy ma`ruzalarni tinglashga mukkasidan ketdi. Har xil saytlar, ijtimoiy tarmoqlardagi diniy materiallar oxir-oqibat uni oq bilan qorani ajratishdan yanglishtira boshladi. Ana shunday kunlarning birida u Tohir Yo`ldoshning O`zbekistonda muslimalarning boshidan ro`moli tortib olinayotgani, yaqinda u erda jazoni o`tash muassasalarida saqlanayotgan mahbuslarni ozodlikka chiqarishlari haqidagi videorolikni ko`rib, uning da`vatlaridan juda qattiq ta`sirlandi. Shunda qat`iy qarorga keldi: «Men ham shu yo`ldan boraman».

Ana shu jirkanch maqsadda u Odnoklassniki.ru tarmog`ida o`zi uchun 3 ta profil yaratdi. Ularning birinchisi Sher.Bek. nomli profil bo`lib, undan o`zining do`st-u birodarlari, hamkasblari, ilgari birga ishlagan tanishlari bilan o`zaro muloqot qilib turdi. Xumoyunmirzo nomli ikkinchi profil bilan biznes va savdo-sotiq masalalarini hal etdi. Uchinchi — Asadulloh Buxoriy profili esa uning uchun hayot-mamotday gap edi. U ayni shu profil orqali 2014 yilning boshlarida Umar al-Foruq nomli profil egasi bilan do`stlashib qoldi. Buni qarangki, o`zini qirg`izistonlik deb tanishtirgan Foruqning tanlagan yo`li ham Asadbekniki bilan bir bo`lib chiqdi.

O`zaro muloqotlar davomida Foruq hozirda Suriyada jihodda qatnashayotganini ma`lum qildi. Sherzodning telefon raqamini so`rab, Whatsapp ijtimoiy tarmog`i orqali unga o`zining amiri Abu Salohning audio-video roliklarini jo`natib turdi. Mazkur videoroliklarda al-Foruqning Suriyada o`zbeklardan tashkil topgan mujohidlarning «faoliyati» tasvirlangan edi.

Abu Saloh o`z chiqishlarida «hijrat» Ollohning yo`lida safarga chiqish bo`lsa, «jihod» Olloh yo`lida kofirlarga qarshi muqaddas jang ekanligini iddao etadi. Suriya davlatiga kirib kelgan Amerika, Rossiya, Fransiya va ayrim Evropa davlatlarining qo`shinlari, shuningdek, boshqa din vakillarini nazarda tutib,, har bir musulmon uchun hijrat va jihod qilishlik farz ekanligini ilgari suradi. Shuning uchun jihodiy harakatlarda qatnashib, musulmonlarga yordam berish uchun Suriyaga chiqishga da`vat etadi. Isroildan Quddus Sharifni ozod qilish qilish uchun musulmonlarni o`z safiga chaqirib, kelgusida O`zbekistonga kirib, islom davlatini tiklash haqida bong uradi. Tabiiyki, iymon-e`tiqodi sust Asadbek bu da`vatlarga astoydil ishondi.Unda Shom davlatidagi musulmonlarga yordam berish fikri paydo bo`ldi. Shu maqsadda Iroq va Suriya va davlatida tashkil etilgan “Islom davlati” xalqaro terrorchilik tashkiloti tomonidan yaratilgan “Jihodchilar” virtual diniy-ekstremistik jamiyatiga a`zo bo`lib, ushbu davlatlarda sodir etilayotgan jihodiy harakatlarda ishtirok etish uchun Suriyaga “O`zbekiston-Rossiya-Turkiya-Suriya” yo`nalishi bilan chiqib ketmoqchi bo`ldi.

“Xolis yordam”

Asadbek 2014 yilning avgust oyida Odnoklassniki.ru ijtimoiy tarmog`i orqali “Sayfulloh Inshoooloh” nomli profil egasi bilan do`stlashdi. “Ko`r ko`rni qorong`uda topadi”, deganlari shu bo`lsa kerakki, o`zini Surxondaryo viloyatidan Sardor deb tanishtirgan bu kimsa ham allaqachon manqurtga aylanib ulgurgan edi. U Asadbekka bir guruh birodarlari bilan Suriyada jihodni amalga oshirish tadorigini ko`rayotgani, buning uchun avval Rossiyaga borib, qurol sotib olishi zarurligi, so`ng Ukrainadan Turkiya hamda Suriyaga bormoqchiligi, ammo moddiy tomondan qiynalayotganiligini aytadi. Undan Olloh yo`lida xolis yordam qilishini iltimos qiladi.Tabiiyki, Asadbek bu masalada himmatli edi. Shunday qilib, Asadbek Abdumannon ismli buxorolik tadbirkor tanishi orqali “Sardor”ga 1500 AQSh dollari miqdorida pul jo`natadi.

Asl ism-sharifi F.Ro`ziev bo`lgan bu shaxs 1996 yildan boshlab, diniy ta`lim ola boshlagan. Ikki yil davomida Qur`oni karimni o`rganib, shundan so`ng “diniy” hayot kechirish yo`lini tanlagan. U o`ziga o`xshagan birodarlari bilan Internet orqali jihod bo`yicha o`rtoqlashib yurgan kezlarda Asadbek Salimov haqida xabar topadi. Asadbekni topish unga unchalik ham qiyinchilik tug`dirmaydi. Zero, “Asadduloh Buxoriy” profili bu paytda birodarlar orasida ancha-muncha tanilib ulgurgan edi. Ustifarang F.Ro`ziev Internet tarmog`idagi yozishmalar huquq tartibot idoralari tomonidan nazorat qilinishidan xavfsirab, Asadbekka o`zini Sardor deb tanishtiradi. “Asadulloh Buxoriy”dan qo`liga 1500 AQSh dollari etib kelganida u Asadbekka ko`pdan-ko`p rahmatlar aytib, ko`zlab yurgan niyatlari ushalajakligiga uning ishonchini yanada qat`iylashtiradi. Biroq orada ular bir-biri bilan aloqaga chiqolmay qoladi. Pullarni esa Sardor o`z manfaati yo`lida ishlatib yuboradi.

”Muslima ayol”

Asadbekka esa “ov”da davom etadi. Diniy-ekstramestik ruhdagi har xil ma`ruzalar, videorolik va audio yozuvlar bilan tanishish borgan sari undagi ishtiyoqni alangataveradi. Birinchi “shogirdi” Arslon Usmonov bilan Iroq va Suriya hududlarida tuzilgan “Islom davlati”da bo`lib o`tayotgan voqealar xususida o`zzaro fikr almashuvlar uni ko`ngligidagi istakka tezroq etishga undadi. Ikkovlon Suriyaga tez va oson borish rejasi ustida bosh qotira boshlashdi. Asadbek “Asadulloh Buxoriy” profili orqali bu masalada yordam so`rab, Suriyadagi “Abu Saloh”ning guruhida bo`lgan birodarlari “Umar al-Foruq”dan yo`l-yo`riq ko`rsatishni so`raydi. Bunga javoban Al-Foruq Rossiya-Turkiya orqali bu erga kelish eng to`g`ri yo`l ekanligini aytadi. U Asadbekning Shomga kelish istagini yanada kuchaytirish maqsadida Whatsapp orqali “xalifa” Abu Bakr Bog`dodiyning jihodchilarga yo`llagan Murojaatnomasini video hamda matn shaklda yuboradi. Bu Murojaatnoma Asadbekning ko`nglidagi maylni yanada junbushga keltirib yubordi.

Endi u o`zini tamoman haq yo`ldaman, deb hisoblay boshladi va buni atrofidagilarga ochiq-oshkora bilintirishdan sira cho`chimadi. Koreyaga ilk marotaba kelgan paytida birga ishlagan tanishlari N.Xalilov va R.Sulaymonovga ushbu Murojaatnoma va boshqa diniy ma`ruzalarni yuborib, ularni ham o`z domiga tortishga urindi. Xayriyatki, iymoni but, e`tiqodi mustahkam bu insonlar uning taklifini keskin rad etdi. Uni to`g`ri yo`lga solishga urindi. Ming afsuski, ularning pand-nasihati yolg`on va`dalar, nopok niyatlar bilan qalbi zaharlangan Asadbekka umuman kor qilmadi. Qaytaga u yanada ko`proq birodar orttirish payiga tushdi. Bu safar uning urinishlari zoe ketmadi. “Muslima ayol” nomli profil egasi — 1986 yil G`ijduvon tumanida tug`ilgan Shohida o`ljaga aylandi.

Bu paytda Shohida Rossiyaning Vladivostok shahrida ishlab yurgan edi. U Asadbekning yo`l-yo`riqlari bilan jihodchilar harakatiga ko`proq odam jalb etishga, Suriyaga hijrat qilmoqchi bo`lganlarga ko`maklashdi. Alaloqibat “shahidlik” maqomi Shohidaning ham fikru yodini o`g`irladi.

Haq yo`lga qaytish

Bu paytda Arslon Usmonov ham qo`l qovushtirib o`tirgani yo`q. U Janubiy Koreyada ishlab yurgan xolavachchasi Darvon Rahmatovning dinga moyilligini sezib, uni nishonga oldi. A.Usmonovnnig “pand-u o`git”lari bilan diniy-ekstramestik va aqidaparastlik g`oyalari bilan yo`g`rilgan audio-video roliklarni tomosha qilgan Davron asta-sekin Usmonovning ta`siriga tusha boshladi. O`zbekistonga qaytib, jihodiy harakatlarda qatnashish uchun Suriyaga borishni dilga tugdi. Biroq birgina turtki uni bu jirkanch fikrdan qaytara oldi.

O`shanda 2015 yil edi. Davron Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari va ukishining muqaddas islom dini ta`limotiga oid qarashlarini undan-bundan ko`p bor eshitgan edi. Lekin hazratning ma`ruzalarini shaxsan o`zi eshitishga hafsala qilmagandi. Jihod bilan bog`liq niyati uni xayolning turfa ko`chalarida chalkashtirib yuborayotgan bir paytda u shayx hazratlari saboqlariga quloq tutdi. Hazratnigng har bir so`zi uning xiralashib qolgan qalb ko`ziga nur bo`lib kirdi. Davronga to`g`ri yo`l manzilini ko`rsatdi. U haq yo`lga qaytdi.

Asadbek Salimov esa o`z harakatlarining ijtimoiy xavflilik darajasini anglagan holda “diniy-harbiy-jihodiy” g`oyalarni qo`llab-quvvatlashda davom etaverdi. Internetdagi ochiqdan-ochiq jihod qilishga da`vat qiluvchi audio-videorliklarga “layk” bosib, ularni kengroq tarqatish maqsadida profilining shaxsiy sahifasida saqlab keldi. Ammo ibtidoda intiho ham bor. Sherzod manfur niyatiga etmasidan avval uning barcha kirdikorlariga nuqta qo`yildi.

...Sud hukmi bilan Asadbek Salimovga uzil-kesil 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Ha, Sherzod Amonovning bugun jismi tirik, qalbi esa gumrohlikka qadam qo`ygan paytdan boshlab uni tark etgan. Negaki, u el-u yurtga, Ona Vatanga mehr va sadoqat bilan uradigan, xalqi uchun jon fido etishga qodir mard, jasur o`zbek o`g`loni yuragini o`zga yurtlarda boy berdi. Bir paytlar onasining allalari bilan orzu-o`ylarga to`lib toshgan yurak musofirlikda ilmsizlik, jaholat kurashida qurbon bo`ldi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1