AsosiyJamiyat

Tramvay qatnovi Samarqandda o`zini oqlayaptimi?

'Tramvay qatnovi Samarqandda o`zini oqlayaptimi?'ning rasmi

Tramvay shundoqqina ishxonamiz yonida to`xtaydi. Bu - oxirgi bekat. Tramvaylar tin oladigan joy. Tramvaylar yangi. Chexoslavakiyada ishlab chiqarilgan. Saloni keng, oynalari katta-katta, tevarak-atrof yaqqol ko`rinib turadi. Yo`lovchilar uchun o`ng`ay. Jo`nash vaqti bo`ldi shekilli, tramvay ohista qo`zg`aldi.

Ikki bekatdan so`ng salon yo`lovchilar bilan to`ldi. Ular orasida yoshlar ko`pchilikni tashkil etardi.

– Men vokzal tarafdan kelaman, - dedi o`quvchilardan biri. - Tramvay juda qulay. Qat`iy jadval asosida yuradi. Chipta narxi arzon. Shundoqqina, liseyimiz yonida to`xtaydi.

Tramvay liniyasi huquqshunoslik kolleji hamda turizm kolleji yoqalab o`tgan. Bu ta`lim maskanlarida minglab yigit-qizlar bilim oladi.

Turizm kollejidan musiqa maktabigacha bo`lgan masofa oddiy bekatlar oralig`i emas: yo`lning mazkur bo`lagi Sartepa va “Mikrorayon” deb ataluvchi ikki katta hududni bog`laydi. Ochig`i, yaqin vaqtgacha bu erdagi ahvol Samarqanddek shahri azimga yarashmas edi. Uning katta qismi eski hovlilardan iborat bo`lsa, yana bir qismida avtomashinalarning ehtiyot qismlari bozori joylashgan edi. Hududdagi tirbandlik, ola-g`ovur, eng yomoni chiqindilar uyumlari ko`ngilni xira qilardi.

Endilikda bozor va eski hovlilar o`rnida ko`p qavatli uylar qo`r to`kib turibdi. Zamonaviy musiqa maktabi ko`zni quvontiradi. Yana ozroq yursangiz yaqinda qurilib foydalanishga topshirilgan ulkan savdo majmuasiga duch kelasiz. Havas qilsa arziydigan inshootlar.

Amir Temur va Buyuk Ipak yo`li ko`chalari tutashgan chorrahani samarqandliklar “Mikrorayon halqasi” deb atashardi. Hozir bu xalqaning nomi qolgan, xolos. O`zi

yo`q. Sartepadan kelayotgan tramvay shu erdan chapga, temir yul vokzaliga buriladi. Atrofni kuzataman: to`rt tomon ham o`ziga xos chiroy kasb etgan. Qator ko`p qavatli turar-joy binolari, “Registon” supermarketi, ajib me`morchilik uslubida qad rostlagan “Samarqand” choyxonasi va boshqa aholiga xizmat ko`rsatish inshootlari bir-biri bilan nihoyatda uyg`unlashib ketgan.

IMG_20170415_075734.jpg

“Damariq” bekati bilan “Tarix mezeyi” bekati oralig`i besh yuz metr atrofida. Tramvay bu masafani 2 daqiqada bosib o`tdi. Ilgari bu joyda avtomobillar bir tomonlama harakatlanar edi. Yo`lning bu qismi torligi barobarida pastqam, ko`rimsiz do`konlardan iborat edi. Xo`jalik mollari xaridi uchun keluvchilar ko`p bo`lardi. Ular mashinasini ko`chaga qo`yishar va bu tor ko`chadagi qatnov harakatini battar murakkablashtirar edi. Endi-chi? Qisqa vaqt ichida bu erdagi manzara tamoman o`zgardi. Ko`cha kengaytirilishi munosabati bilan ko`rimsiz do`konlar buzildi. Ularning o`rinda 5 ta juda katta, uch-to`rt qavatli inshoot qad rostladi. Bu erda hali qurilish to`xtagani yo`q, aksincha shiddat bilan davom etmoqda. Yana 2 ta 9 qavatli va 4 ta ko`pqavatli bino barpo etilayotir.

Tramvay linyasining uzunligi 7,2 kilometr ekan. Jami 14 bekat bo`ylab bu masafani 20 daqiqada qanday bosib o`tganimizni sezmay qolibman. Qarshimda salobatli Samarqand temir yo`l vokzali turibdi. Juda ko`p tarixiy voqealarning guvohi bo`lgan maskan bu. Samarqandning hamisha ochiq turuvchi muhtasham darvozalaridan biri. Bu erdan kirib kelayotgan mehmonlarning oxiri ko`rinmaydi. Har kuni necha yuzlab sayyohlar, xorijliklar shu erdan qadimiy kent zaminiga qadam qo`yadilar. Tezyurar “Afrosiyob” poezdining qatnovi mehmonlar oqimini bir necha hissa oshirdi. Shunga monand vokzal binosi va uning atrofida ko`plab qurilish va obodonchilik ishlari qilindi.

Vokzaldan shahar tomon chiqishingiz bilan ilk duch keladiganingiz Rudakiy va Beruniy ko`chalari kesishadigan chorraha. 4-5 yil ilgarigi holatni ko`rgan kishi bugun bu joyni taniyolmaydi, desam mubolag`a bo`lmas. Chorrahadan Siyob bozori tomon ketadigan Rudakiy ko`chasi chap tomonidan qurilishi yangidan boshlangan turnaqator ko`p qavatli uylar, ularning o`ziga xos me`moriy bichimi har qanday kishining havasini keltiradi. Bu uylarning har biri o`rtacha 100-120 ta oilaga mo`ljallangan. Shu atrofda bir yil ichida bunday uylardan o`ndan ziyodi qurildi va yana yangilari qad rostlamoqda.

Temiryo`lchilar ilk ish boshlagan kezlarda “Samarqandga tramvayning nima keragi bor? Shahar notekis, ko`chalar shundoq ham tor bo`lsa, qatnov badtar qiyinlashib ketadiku”, deguvchilar ham bo`ldi. Temiryul bitib, tramvay qatnovi yo`lga qo`yilgach, bu shubha-gumonlarning bari behuda ekani oydinlashdi. Yo`l sirayam toraymadi. Aksincha tramvay sharofati bilan o`ydim-chuqur bo`lib ketgan yo`llar ta`mirlandi, kengaydi, ravonlashdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Samarqandda tramvay qatnovini yo`lga qo`yish haqida ilk bor 2016 yil noyabr oyida o`tgan saylovoldi uchrashuvida gapirgan edi. Tez orada bu ish boshlanib ketdi va ko`z oldimizda qurib bitkazildi.

Huquqshunoslik kolleji bekatiga kelib tramvaydagi yo`lovchilar soni ancha kamaydi. Oxirgi bekatda bir necha yo`lovchiga qo`shilib tramvaydan tushdim. Tramvay qatnovi yuzlab kishilarning manzilini yaqin, mushkulini oson qilayotganiga, eng muhimi, hamyurtlarimiz, shahrimiz mehmonlari bundan behad mamnun ekaniga guvoh bo`ldim. Shu yo`lovchilarning biri sifatida quvondim.

Amrillo Ahmedov,

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti

Samarqand filiali liseyi direktori o`rinbosari

    Boshqa yangiliklar