3 qavatdan iborat vokzal qurilishi “O`ztemiryo`lyo`lovchi” aksiyadorlik jamiyati buyurtmasi asosida “Toshtemiryo`lloyiha” mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan loyihalashtirildi, deya xabar bermoqda O`zA.
Qurilishga 100 nafardan ortiq ishchi-xodim va o`nlab zamonaviy texnika jalb etilgan.
Zamonaviy arxitektura echimlari asosida qurilayotgan bino o`ziga xos ko`rkam qiyofaga ega bo`ladi. Hozirda birinchi va ikkinchi qavatda joylashgan xonalarda qurilish-montaj ishlari yakunlangan bo`lib, pardozlash jarayoni davom etmoqda.
Vokzalda loyiha doirasida kutish va VIP zallari, ona va bola xonasi, tibbiyot punkti, tamaddixona hamda savdo shoxobchalari tashkil qilinadi. Yuqori qavatga ko`tarilish uchun zamonaviy liftlar o`rnatiladi. Kutish zallarida yo`lovchi poezdlarning qatnov jadvali aks etgan elektron oyna, Wi-Fi, elektron kutubxona joriy etiladi.
Vokzal oldida yozgi ayvon qurilib, perron kengaytiriladi.
Vokzal yonidagi “Lokomotiv” mehmonxonasida ham qayta ta`mirlash ishlari olib borilmoqda. Mehmonxona 5 qavatdan iborat. Birinchi hamda ikkinchi qavatda vokzalning ma`muriy binosi o`rin oladi. Ilgari vokzal ichida joylashgan chiptaxona mehmonxonaning birinchi qavatiga ko`chiriladi.






