Ayollar tarixi oyligini boshlash hamda Xalqaro xotin-qizlar kunini munosib nishonlash maqsadida AQSh elchisi Pamela Spratlen "Mega Trade Communication" kompaniyasi direktori Mixail Davidkin bilan birgalikda Toshkentdagi "NEXT Mall" kinoteatrida ayollarga bag`ishlangan "Amerika film festivali"ni ochib berdi, deb xabar qildi Toshkentdagi AQSh elchixonasi matbuot-xizmati.
"Bunday oliy maqsadni ko`zlash faqatgina amerikalik ayollarga xos emas. O`tgan uch yil mobaynida men birga ishlagan o`zbekistonlik xotin va qizlar ham zakovat, mardlik, ijodkorlik va qat`iyat kabi muhim, ajoyib sifatlarni o`zida namoyon etadi",- deya ta`kidladi elchi Spratlen xonim.
Amerika filmlari festivali Qo`shma Shtatlar va O`zbekiston Respublikasi o`rtasidagi madaniy aloqalarni kengaytirish, shuningdek, ingliz tilini bilish darajasini oshirishga qaratilgan. Filmlarda bosh rolni ijro etgan ayollar ilmu fan, matematika, atrof-muhitni muhofaza qilish, biznes va sanoat, ta`lim va sport sohalarida erishgan yutuqlari bilan ajralib turadi.
Festival jamoatchilik, talabalar va mahalliy tashkilotlar vakillari uchun ochiqdir. Barcha filmlar uchun chiptalar bepul bo`lib, ularni Toshkent shahar Bobur ko`chasi 6-uyda joylashgan "NEXT Cinema" kassalaridan olish mumkin. Bir kishi bir kunda ikkita bepul chipta olsa bo`ladi.








