O`zbekiston Respublikasi sobiq bosh prokurori R.Qodirovga nisbatan Bosh prokuratura tomonidan qo`zg`atilgan jinoyat ishi bo`yicha Bosh prokurorning sobiq o`rinbosarlari hamda Toshkent viloyatining sobiq prokurorlari J.Fayziev va U.Sunnatov ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati rasmiy xabar berdi.
«Internet tarmog`ida O`zbekiston Respublikasi sobiq bosh prokurori R. Qodirovga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishi haqida ko`plab tarqatilayotgan axborotlar foydalanuvchilarda tergov tafsilotlari borasida turli fikr va mulohazalarni keltirib chiqarmoqda.
Shu munosabat bilan, Bosh prokuratura O`zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga muvofiq tergov organi dastlabki tergovni olib borish vaqtida jinoyat ishidagi barcha ma`lumotlarni yoki uning muayyan qismidagi ma`lumotlarni oshkor qilinmaydigan deb e`tirof etishga haqli ekanligini ma`lum qiladi», – deyiladi xabarda.
Bosh prokuratura bu turdagi ma`lumotlar tergovning sifatli, to`la va xolisona o`tkazilishini ta`minlash, shuningdek jinoyat izlarining yo`q qilinishi, jinoiy yo`l bilan topilgan ashyolar, vositalarning yashirilishi, tergov organlarining haqiqatni aniqlash borasidagi faoliyatiga to`sqinlik qilinishi yoki tergov jarayonini qiyinlashtiruvchi boshqa qonunga xilof harakatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida oshkor etilmasligini ma`lum qiladi.
«Bu kabi axborotlarni e`lon qilish tezkor tadbirlar va dastlabki tergovga ziyon etkazishi, aybdor shaxslarni o`z vaqtida fosh etish va ushlashga to`sqinlik qilishi mumkin», – ta`kidlaydi Bosh prokuratura.
Mazkur jinoyat ishi bo`yicha tergov sirini tashkil qilmaydigan qo`shimcha axborotlar vujudga kelishi barobarida O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining rasmiy saytida tegishli ma`lumotlar chop etib borilishi ma`lum qilinadi.






