Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida joylashgan Kaliyli o`g`itlar zavodining 500 nafardan ortiq ishchisi Facebook'dagi «Xalq bilan muloqot» guruhi orqali Prezident Shavkat Mirziyoev nomiga murojaatnoma yo`lladi.
Unda qayd etilishicha, zavod pudratchisi — Rossiyaning «PU OOO ZUMK injering» kompaniyasida rasmiy shartnoma asosida 2013 - 2016 yillar davomida ishlagan 500 nafardan ziyod ishchi ish haqini ololmagan. Ish beruvchining «Kaliyli o`g`itlar zavodi» qurilish maydonida uch yil mobaynida amalga oshirilgan ish uchun 3 yillik maosh qarzi bir necha milliard so`mdan ziyod.
Buyurtmachi «Kaliyli o`g`itlar zavodi» pudratchi «ZUMK injinering»ga barcha to`loqlar uchun oldindan pul o`tkazib bergan. Ammo ishchilar maoshini talab qilib, ish tashlaganda buyurtmachi, ya`ni zavod direktori Shermatov X.A. «o`rtoqlar, ish haqi uchun sizga pul ajratilgan. Shaxsan kafolat beraman: tez orada 3 yillik ish haqqingiz to`liq to`lab beriladi, ishni to`xtatmang», — deya ikki marta va`da bergan. Keyinchalik direktor o`z va`dasini ham, ishchilarni ham tan olmagan.
Fuqarolik ishlari bo`yicha G`uzor tuman sudi da`voni ishchilar foydasiga hal etgan bo`lsa-da, Dehqonobod tumanidagi sud ijrochilari bir necha yildan buyon bu ishni asossiz vajlar bilan hal etmay kelmoqda. Ushbu talab bilan mahalliy organlardan to Prezident virtual qabulxonansigacha murojaat qildik. Javob bitta: «Bu ish bo`yicha sud qarori ijroga qaratilgan. Qarzdorning to`lov qobiliyati yo`qligi sababli undirishning iloji yo`q». Vaholanki, qarzdor Buxoro, Samarqand va boshqa joylarda katta-katta buyurtmalar olib ishlamoqda, – deyiladi ishchilar murojaatida.
Barcha xorijiy korxonalar O`zbekistonda o`z faoliyatlarini Respublika qonunlari doirasida tashkil etishi; Qarzdor O`zbekiston fuqarolarining qonuniy haq-huquqlarini tegishli hukumat organlari mas`ullari bilan korrupsion tarzda kelishgan holda toptab ketganligi biz uchun endi sir emas, – qayd etiladi murojaat matnida.
Zavod xodimlari xorijlik qarzdor, «PU OOO ZUMK injering» kompaniyasidan uch yillik ish haqi va etkazilgan zararlarni undirib olishda Prezident Shavkat Mirziyoevdan amaliy yordam so`rashgan.






