AsosiyJamiyat

Navoiyda 40 kishi ovqatdan zaharlandi

'Navoiyda 40 kishi ovqatdan zaharlandi'ning rasmi

Navoiy viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 2018 yil 6 mart kuni 13 nafar, Karmana tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo`limiga 27 nafar bemor “Ovqatdan zaharlanish” birlamchi tashxisi bilan yotqizildi. Ularning barchasida ko`ngil aynishi, qayt qilish, qorinda og`riq kabi shikoyatlar bo`lgan.

7 mart soat 15:00 holatiga ko`ra, Navoiy viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida qolgan bemorlardan 12 nafarining ahvoli qoniqarli bo`lib, uylariga javob berildi. Hozirda bir nafar bemor shifoxonada davolanmoqda.

Karmana tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo`limidagi bemorlardan 10 nafari uylariga javob berildi. Shifoxonada 17 nafar bemor davolanmoqda. Ayni vaqtda shifoxonalarda jami 18 nafar bemor qolmoqda.

O`tkazilgan birlamchi epidemiologik tekshirish natijasida quyidagilar aniqlandi. Shikoyat qilganlarning barchasi Karmana tumanidagi yangi GRES qurilishida ishlayotgan “CALIK ENERJI”AS kompaniyasi ishchilari bo`lgan. Ular 6 mart kuni soat 12.00 dan 13.00 gacha shu hududda faoliyat ko`rsatayotgan “WHITEHOUSE INVESTMENTS” LTD oshxonasida ovqatlangan, deyiladi Sog`liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati tomonidan “Xalq so`zi online”ga taqdim etilgan xabarda.

Shu kuni 16.00da bir necha ishchilar ko`ngil aynishi, qayt qilish, qorinda og`riq kabi shikoyatlar bilan “CALIK ENERJI”AS kompaniyasining tibbiy punktiga murojaat qilishgan. Shundan keyin bemorlar viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga va Karmana tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo`limiga yotqizilgan. 2018 yil 6 mart soat 22:30dan keyin tibbiy muassasalarga boshqa murojaatlar bo`lmadi.

Ushbu holat yuzasidan Sog`liqni saqlash vazirligining alohida nazorati tashkil etildi. Navoiy viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi, Karmana tuman tibbiyot birlashmasi zarur dori-darmonlar, infuzion eritmalar, bir marotaba ishlatiladigan shpris va sistemalar bilan etarli miqdorda ta`minlangan.

Yuzaga kelgan epidemik vaziyatni joyiga chiqib o`rganish, bemorlarga va mahalliy mutaxassislarga o`z vaqtida har jihatdan amaliy yordam ko`rsatish maqsadida Sog`liqni saqlash vazirining o`rinbosari, Respublika Bosh Davlat sanitariya vrachi S. Saidaliev boshchiligidagi guruh 6 mart kuni Karmana tumaniga yuborildi. Ushbu guruh tarkibida, shuningdek, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish insituti direktori A. Abdushukurov, institut klinikasining reanimatologi B. Navro`zov, Respublika Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi bo`lim mudiri K. Boqiev ham bor.

Hozirda “WHITEHOUSE INVESTMENTS” LTD oshxonasida tushlik vaqtida ishchilarga berilgan oziq-ovqat mahsulotlari va ulardan tayyorlangan taomlardan, tashqi muhit ob`ektlaridan hamda bemorlardan biologik namunalar olinib, laboratoriyada tahlili uchun viloyat Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining laboratoriyasiga topshirildi.

Shifoxonada davolanayotgan bemorlarning ahvoli qoniqarli, og`ir bemorlar yo`q, ularga malakali tibbiy yordam ko`rsatilmoqda.

    Boshqa yangiliklar