O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev «Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to`g`risida»gi qarorini imzoladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjatga ko`ra, O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi huzuridagi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasining Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining iqtidorli qizlarini a`lo xulqi, noyob iste`dodi, zukkoligi, tashabbuskorligi, o`qishdagi muvaffaqiyatlari hamda ta`lim, fan, adabiyot, madaniyat, san`at, sport sohalarida va jamoatchilik faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to`g`risidagi takliflari ilovadagi ro`yxatga muvofiq ma`qullangan.
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanganlarga 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayramiga bag`ishlab o`tkaziladigan tantanalarda sovrindorlik diplomlari va ko`krak nishonlari topshiriladi.
O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlarining har biriga eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida pul mukofoti berilishini ta`minlaydi.
O`zbekiston Milliy axborot agentligi, O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalarining faoliyati, ularning iste`dodi va erishgan yutuqlarini keng yoritib borish tavsiya etilgan.






