Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bog`i hududida o`zbek va tojik adabiyotining ikki buyuk mutafakkiri – Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haykali o`rnatildi.
O`tgan asr oltmishinchi yillarida taniqli haykaltaroshlar – H.Husniddinxo`jaev va V.Lunev tomonidan qizil granit toshdan yasalgan ushbu haykal ilgari Samarqand shahridagi sobiq “Afrosiyob” mehmonxonasi yonida, ko`rimsiz joyda edi. Keyinchalik haykal bu erdan ko`chirildi.
Samarqandlik ziyolilar va ijodkorlar, shahar jamoatchiligining taklifi bilan haykal uchun Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bog`i tanlandi va nihoyatda qisqa muddat ichida ushbu maskan obod etilib, muhtasham haykal o`rnatildi.
– Jahon adabiyotining bu ikki yirik vakili hayotida Samarqand alohida o`rin tutadi, – deydi Samarqand davlat universiteti professori Dilorom Salohiy. – Ularning ikkisi ham yoshlik yillarida ilm-ma`rifat istab ushbu muazzam shaharga kelgan va bu ikki daho hayotida muhim ahamiyat kasb etgan. Shu jihatdan Samarqand shahrida Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haykalining bo`lishi va eng ko`rkam maskanda o`rnatilishi ayni muddaodir. Bu, shubhasiz, azaliy o`zbek va tojik adabiyoti an`analari davom etib kelayotganidan dalolat berib, xalqlarimiz o`rtasidagi madaniy aloqalarning rivojlanishiga xizmat qiladi.
Haykalning ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi T.Jo`raev O`zbekiston va Tojikiston o`rtasida tobora mustahkamlanib borayotgan aloqalar, davlatimiz rahbarining yaqinda Tojikiston Respublikasiga amalga oshiriladigan davlat tashrifi haqida so`z yuritdi. Mazkur ma`rifat maskani ikki qardosh xalqning azaliy do`stlik va hamkorligini yanada kuchaytirishini ta`kidladi.
Haykal poyiga viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari tomonidan gullar qo`yildi. Talaba va o`quvchi-yoshlar ikki buyuk alloma ijodidan namunalar o`qidi, deb yozadi O`zA.






