O`zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimovning qizi Lola Karimova-Tillaeva Fransisk I qirollik ordenining Dama faxriy unvoniga munosib deb topildi. Bu haqda u o`zining Instagram sahifasida xabar qildi.
Unga mukofotni Ikki Sisiliya shahzodasi Charlz hamda malika Kamilla de Burbonlar topshirishdi.
"Fransisk I qirollik ordenining ushbu yuksak unvoniga muyassar bo`lish men uchun katta sharaf. Orden muhim gumanitar va xayriya tashabbuslar hamda dinlararo aloqalarni rivojlantirishga qo`shgan hissasi uchun xalqaro darajada tan olingan",- deb yozadi u.
Turli yillarda Fransisk I ordenining risar va dama unvoniga Daniya malikasi Benedikta, Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri baronessa Margaret Tetcher, Makka viloyati hokimi shahzoda Holid al-Faysal bin Abdulaziz al-Saud, Kosovoning sobiq prezidenti Atifete Yaxyaga, BMT sobiq bosh kotibi Pan Gi Mun sazovor bo`lgan.






