O`zbekiston Davlat statistika qo`mitasi aholi turmush darajasiga oid statistik ma`lumotlarni e`lon qildi. Unga ko`ra, aholining shaxsiy engil avtomobillar bilan ta`minlanganlik darajasi 2017 yil yakunlariga kelib har yuzta uy xo`jaligiga 44 taga etdi.
Shuningdek, har yuzta uy xo`jaligiga to`g`ri kelgan televizorlar soni 154 tani tashkil etib, 2000 yilga nisbatan 1,7 martaga oshgan. Kondisionerlar – 34 dona (2000 yilga nisbatan o`sish — 3,1 barobar), elektr changyutgichlar – 54 dona (o`sish 1,8 barobar), kir yuvish mashinalari – 80 donani (o`sish 1,1 barobar) tashkil etdi.
2017 yil yakunlariga ko`ra, 100 ta uy xo`jaligiga to`g`ri kelgan shaxsiy kompyuterlar 50 donani (2000 yilda esa bu ko`rsatkich 0,2 donani tashkil qilgan) tashkil etgan bo`lsa, 2000-2017 yillar mobaynida uyali aloqa telefonlari bilan ta`minlanganligi 14,4 barobarga oshdi (2017 yil yakuniga kelib har 100 ta uy xo`jaligiga 257 tadan, ya`ni har bir uy xo`jaligiga 2,6 tadan uyali aloqa telefonlari to`g`ri keldi).
2017 yilning yanvar-dekabr holatiga kuzatuv ma`lumotlariga ko`ra respublika aholisining 97,9% shaxsiy hovli yoki kvartiraga ega. Bu ko`rsatkich qishloq joylarida istiqomat qiluvchi aholi bo`yicha 99,3% ni tashkil etmoqda. Ushbu ko`rsatkichlar 2000 yilda mos ravishda 93,7 va 95,4% ni tashkil etgan edi.
Qo`mitaning ta`kidlashicha, uy xo`jaliklarida o`tkaziladigan tanlama kuzatuvlar respublikaning barcha hududlarini qamrab olgan holda yiliga jami 10 000 ta uy xo`jaliklarida o`tkaziladi. Bunda 120 dan ortiq mutaxassis (intervyuerlar) tomonidan bevosita uy xo`jaligi a`zolari bilan suhbatlashish orqali ma`lumotlar olinadi.






