Bugun, 8 mart kuni Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida O`zbekiston-Tojikiston ishbilarmonlar kengashining birinchi yig`ilishi bo`lib o`tdi, deya xabar berdi O`zA.
Unda O`zbekiston savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, Tojikiston Savdo-sanoat palatasi raisi Sh.Said, tegishli vazirlik va idora rahbarlari, ikki mamlakatning 120 dan ortiq kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari rahbarlari ishtirok etdi.
O`zbekiston - Tojikiston ishbilarmonlar kengashi 2017 yilning 11 oktyabrida tashkil etilgan bo`lib, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, ishbilarmon va moliyaviy doiralar o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri aloqalarni yo`lga qo`yish, ko`p tomonlama loyihalarni amalga oshirishga ko`maklashish, ikki davlatning biznes hamjamiyatlari vakillarini birlashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbirda qayd etilganidek, so`nggi yillarda O`zbekiston va Tojikistonda iqtisodiy rivojlanishning ilg`or tizimlari keng joriy etilayotgani hamda mahalliy korxonalar raqobatdoshligining oshayotgani ikki mamlakat o`rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda muhim qadam bo`lmoqda.
Savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikning yanada rivojlanishiga ko`maklashish uchun qo`shma tadbirlar tashkil etish, biznes vakillarining o`rtasida yirik forumlar, ko`rgazma va yarmarkalar o`tkazish muhimligi ta`kidlandi.
Yig`ilishda turli sohalar bo`yicha samarali kelishuvlarga erishildi. Kengashining ikkinchi majlisini joriy yilning ikkinchi yarmida Toshkentda o`tkazish bo`yicha kelishib olindi.






