AsosiyJamiyat

“Hijrat”dan qaytgan ayol afv etildi

'“Hijrat”dan qaytgan ayol afv etildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining yigirma besh yilligi munosabati bilan afv etish to`g`risida”gi Farmoniga ko`ra 2 ming 700 nafar mahkum va mahkumalar jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilindi. Ular orasida Marg`ilon shahar “Tuttagi” mahallasida yashovchi Dilnoza Tojiboeva ham bor. "Oila va jamiyat" gazetasi muxbiri Dilnoza bilan telefon orqali bog`lanib, uni temir panjara ortiga boshlagan taqdiri haqida suhbatlashdi.


“QO`LI KALTA”LIK PAND BERDI
– 16 yoshimda o`rtahol oiladan o`ziga to`q xonadonga kelin bo`lib tushganman, – deya hikoyasini boshladi Dilnoza. – Turmush o`rtog`im bilan avvaliga yaxshi yashadik. Ovsinlarim ko`paygach, ota-onamning qo`li kaltaligi, o`rtadagi farq sezila boshladi. Uydagilarga yaxshi ko`rinish uchun hech qanday mehnatdan qochmasdim. Mehnatdan odam o`lmaydi, ammo o`ksiklik qalbni sindirib, qaddimizni egib qo`yarkan. Shu vajdan tez-tez janjal bo`lib, uch farzandim ham ko`zimga ko`rinmay, otam­nikiga ketib qolardim.
Oxiri shu darajaga etdiki, uyda kimdir salgina ovozini ko`tarib gapirsa ham asabiylashib, oyoq-qo`lim qaltirab qolardim. Xo`jayinim meni Andijonda bir ruhshunosga olib bordi. Ruhshunos shu holatda yashashni davom ettirsam ahvolim yanada og`irlashishini, hech kimga kerak bo`lmay qolishimni aytgach, jiddiy davolandim. Muolajalar yaxshi ta`sir qilib, o`zimni qo`lga oldim. Qaynona-qaynotamning yordami bilan alohida hovliga ko`chib o`tdik. 2013 yil pul topish, qo`shimcha daromad orttirish maqsadida Toshkentga ishlagani keldim. Chevar bo`lganim uchun ko`ylaklar tikib, do`konlarga tarqatardim. Yaxshi pul topib, o`zim ham do`kon ochdim.


“YoMONLAR TUZOG`IGA ILINDIM”
Xo`jayinim bolalarim bilan Marg`ilonda, men esa poytaxtda yashardim. Bolalarimni ko`rgani tez-tez borib turardim. Xo`jayinim: “Uyga qayt, bolalarning yonida yasha”, desa, yuragim orqaga tortib ketardi. Yana o`sha janjalli hayotga qaytishni istamasdim. Erkinlikka o`rganib qolgandim. Pulim ko`paygach, qimmat telefon sotib olib, internet tarmog`iga ulandim va “Odnoklassniki.ru” sayti orqali turli tanishlar orttirdim. Aksariyati o`zbekistonlik Rossiya fuqarolari edi. Ularning: “Besh kunlik dunyoning zahmatlari va narigi dunyodagi rohatlar”, haqidagi ta`riflari ruhimga allaqanday orom berardi.
2013 yilning iyulida meni Rossiyaning Ekaterinburg shahriga chaqirishdi. Bolalarim, xo`jayinim, ota-onamni ham o`ylamay yo`lga otlandim. Meni Xadicha hamda Umar ismli odamlar kutib olishdi. Bir xonadonda yashab, namoz o`qishni o`rgandim, islom ta`limotidan ma`lumotlar berishdi. Xijrat qilishimiz kerakligi haqida gapira boshlashgach, birdan sergaklandim. Beixtiyor “O`zbekiston” telekanali orqali beriladigan diniy oqimlarga kirganlarning mudhish qilmishlari haqidagi ko`rsatuvlarni esladim. Suriyaga xijrat qilishga tayyorlay boshlashgach, qochish harakatiga tushdim. Bir amallab Moskvaga kelib, tanishlarim orqali ishga joylashdim.


“DINIY OQIMChI”LAR ChANGALIDA
Telefon raqamimni o`zgartirib, eski tanishlarim bilan aloqamni uzdim. Xo`jayinimga telefon qilib, Moskvaga havo almashtirish uchun kelganimni, chiptaga etarli pul topsam, uyga qaytishimni aytdim. U: “Tezroq qayt, bolalar seni juda sog`inishgan”, dedi. Chipta puli topish uchun ishlay boshladim. Aeroportga borib, chipta pulining yarmini to`lab, “bron” qilib keldim. “Oqimchilar”dan qutuldim, deb xursand bo`lib yurgan kunlarim bir erkak telefon qilib, qaerda ishlayotganim, uyga qaytish uchun chipta buyurtirganim, hattoki qaysi avtobusda ishga borishimgacha bilishi bu yo`ldan qaytsam, farzandlarimning tirik qolishiga kafolot yo`qligini aytib, tahdid qildi. Hech qancha vaqt o`tmay xo`jayinim telefon qilib: “Boshqa erkakka nikohlanibsan, agar uyga qaytsang, seni o`zim o`ldiraman”, deb qasam ichdi. Internet orqali xo`jayinimga yolg`on ma`lumotlarni etkazishgan ekan. Ular bu ko`chaga kirganlarni bir muddat qo`yib yuborib, so`ng ortidan kuzatisharkan. Tahdidlardan qo`rqmadim. Faqat erimning yoniga qaytishga betim chidamadi.
Moskva ko`chalarida bir necha kun tentirab yurdim. Men yomonlarning changaliga tushgan edim. Yana xatoga yo`l qo`yib, ular haqida hech kimga ma`lumot bermadim. Agar ichki ishlar xodimlariga xabar berganimda hayotim bu qadar chigallashib ketmasdi.
Nihoyat ularning shartlariga – Turkiya orqali Suriyaga chiqib ketishga rozi bo`ldim.


“TUN YaRMIDA SURIYaGA ETIB KELDIK”
Suriya yaqinidagi Xatay viloyati Istanbuldan 18-20 soatlik yo`l ekan. Xatayda bizni kutib olgan odamlar tun yarmida chegaradan o`tkazib qo`yishdi. Safimiz yana kengaydi. Suriyada meni Ekaterinburgdagi odamlar qarshi oldi. Tashlandiq uylarga joylashdik. U erda menga o`xshagan ayollar ko`p edi. Ularning aksariyati yolg`iz, pulga muhtoj bo`lib, menga o`xshab tuzoqqa tushgan edi. Hattoki bolasi bilan kelganlar ham bor edi. Bizni xijrat qilishga tayyorlashdi. Erkaklarni esa avtomat otishga o`rgatishdi. O`shanda bolalarimning yoniga tirik qaytishim kerak, deb o`zimga so`z berdim. “Oqimchi”lar juda ayyorlik bilan ish ko`rardi. Men ham ayyorlik yo`liga o`tdim. Ularning menga yaqin bo`lib qolgan ayollariga, agar meni qo`yib yuborishsa, atrofimga odam yig`ishimni, safimiz yanada kengayishini aytdim. Ishonchlariga kirdim. Ularning yordami bilan Turkiyaga o`tdim. Xo`jayinimga qo`ng`iroq qilib, uyga qaytishim uchun yo`l haqiga pul yuborishini so`radim. Bank orqali pulni olib, uyimga – bolalarim yoniga qaytdim. Boshimdan kechirganlarimni eshitgan xo`jayinim ichki ishlar idorasiga borib, aybimga iqror bo`lishimni talab qildi. Jon shirin ekan, qamalib qolishdan qo`rqdim. Turmush o`rtog`im o`zi borib, hammasini aytib berdi. Yaxshiyam shunday qilgan ekan. Agar bunga chek qo`yilmaganida balki...
2013 yil noyabr oyida sudlandim va 8 yilga ozodlikdan mahrum etilib, Zangiota tumanidagi jazoni o`tash muassasasiga keldim.


MAHALLA QABUL QILMAYaPTI
Qamalganimdan so`ng erim ham, bolalarim ham ortimdan biror marta borishmadi. Ulardan xafa bo`lishga haqqim yo`q. Xo`jayinim boshqa ayolga uylanib, undan ikkita farzand ko`rdi. Biroq 2016 yil “orqa miya saratoni” bilan olamdan o`tdi. Garchi, o`z og`zi bilan aytmagan bo`lsa-da, ko`zlaridan meni kechirmaganini sezardim. Shu bois vijdon azobi haligacha tinchlik bermaydi.

2017 yil 8 dekabr kuni Prezidentimizninng afv etish to`g`risidagi farmoni bilan ozodlikka chiqdim. Hayotimning to`rt yilu 2 oyi qamoqxonada o`tdi. U erdan to`g`ri onamnikiga bordim. Qaynonam: “Kelinimizni Prezidentimiz kechirganida men kim bo`libmanki, kechirmasam”, – dedi. Shu so`zning o`zi ko`nglimni tog`dek ko`tardi. Yashashga bo`lgan istagimni oshirdi.
Ammo muammolar tugagani yo`q. O`zim ota uyimda yashab turibman. Katta o`g`lim o`gay onasi bilan yashashni istamay Rossiyaga ishlagani ketgan. Uni ko`rmaganimga besh yil bo`ldi. Ikkita farzandim qaynonamning qaramog`ida. 15 yashar o`g`lim o`rtoqlariga qo`shilib, maktabga bormay ko`chada yurgan ekan, ichki ishlar idoralari xodimlari ushlab so`roqqa tutsa, ayam bilan yashayman, debdi. Xo`jayinim bilan birga qurgan hovlimizda kundoshim ikki bolasi bilan yashaydi. Qaynonam unga ikki xonali uy olib berib: “Bolalaring hali yosh, sen o`sha erda yashab tur, uyni nomingga o`tkazib beraman”, desa rozi bo`lmayapti.
Mening farzandlarim katta bo`lib qolgan. Ro`zg`or tebratish uchun harakat qilishim kerak. Bundan keyin farzandlarim bilan chiroyli hayot kechirish niyatidaman. Agar hovlini menga qaytarib berishsa, 2-3 ta tikuv mashinasi o`rnatib, kichikroq sex tashkil qilib, qo`shni qizlarni ish bilan ta`minlab, bolalarimga o`zim egalik qilardim.
Hovli-joyni janjal-to`polon bilan olish niyatim yo`q. Mahalla oqsoqoliga shu muammoni echishda yordam berishini so`rab murojaat qilsam: “Qaysi vijdon bilan bu erda yashaysiz”, dedi. To`g`ri, xato qildim. Jazoimni oldim. Prezidentimiz afv etdi. Endi odamday yashamoqchiman. Xo`sh, bu vijdonim bilan qaerda yashashim kerak?!


MUROSA YO`LI BOR-KU
Dilnoza bilan gaplashgach, Marg`ilon shahar, “Tuttagi” mahalla fuqarolar yig`ini raisi Jahongir Yunusov bilan telefon orqali bog`landik. Jahongir Yunusov dastlab Dilnoza bir paytlar mentalitetimizga xos bo`lmagan ishlar qilgani uchun uni qo`shnilari qabul qilmasligini, u yo`q payti bolalariga kundoshi qaragani, endi emizikli bolalari bilan uni “dom”ga ko`chirib qo`yish insofdan bo`lmasligini, qolaversa, ikki ayol o`rtasidagi muammoni sud hal qilishi lozimligini bildirdi.
Nahotki, ikki ayolni murosaga keltirish shunchalar mushkul ish bo`lsa? Noto`g`ri yo`ldan borayotgan odamga to`g`ri yur, jinoyat sodir etma, deb maslahat berish oson. Uning muammolariga echim topish uchun esa biroz harakat va bag`rikenglik zarur. Aks holda o`rtadagi farzandlar taqdiriga ham chalkashlik­lar soya solishi mumkin...
Dilnozaning muammolari hal etilishi jarayonini birgalikda kuzatamiz va mavzuga qaytib, bu haqda yana gazetxonlarga ma`lumot beramiz, albatta.

Nigora RAHMONOVA

    Boshqa yangiliklar