Xitoyning Shansi provinsiyasining Sian shahrida Xalqaro sanoat yarmarka bo`lib o`tdi. Unda O`zbekistonning bir guruh ishbilarmonlari ham ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbarining 2013 yil 8 avgustdagi qaroriga asosan O`zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzurida tashkil etilgan Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarining eksportini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi bu sohadagi ishlarni yanada rivojlantirish, mamlakatimiz korxonalarini eksport faoliyatiga jalb etish, ularning mahsulotlarini tashqi bozorlarga yo`naltirishda muhim o`rin tutmoqda. Mamlakatimizning barcha hududlarida filiallariga ega bo`lgan mazkur jamg`arma tadbirkorlarning xalqaro ko`rgazma va yarmarkalarda ishtirok etishi, chet ellik hamkorlar topishi va shartnomalar tuzishi, xorijiy davlatlar qonunchiligiga muvofiq lisenziya va sertifikatlar, boshqa ruxsatnomalar olishida huquqiy, moliyaviy va tashkiliy yordam ko`rsatmoqda. Jamg`arma tomonidan oltmishga yaqin xorijiy tashkilot bilan hamkorlik o`rnatilgani kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlariga o`z mahsulotlarini eksport qilishda muhim ahamiyat kasb etayotir.
Mazkur jamg`arma ko`magida yurtimiz ishlab chiqaruvchilari chet ellarda o`tkazilayotgan yirik xalqaro ko`rgazma-yarmarkalarda ishtirok etib, mahsulotlari eksportining jo`g`rofiyasini kengaytirish, xaridorlar topish va shartnomalar tuzishga muvaffaq bo`lmoqda. Xitoyda ochilgan Xalqaro sanoat yarmarkasi ham mamlakatimiz ishbilarmonlari uchun ana shunday imkoniyat yaratadi.
Xalqaro savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish maqsadida ilk bor tashkil etilgan mazkur sanoat yarmarkasida Kanada, Germaniya, Italiya, Ispaniya, O`zbekiston, Avstriya, Vengriya, Kipr, Avstraliya, Filippin, Yaponiya, Janubiy Koreya, Malayziya, Singapur, Tailand, Iordaniya, Eron, Hindiston, Qozog`iston, Turkmaniston kabi 35 mamlakatdan kompaniya va konsernlar, sanoat korxonalari va savdo tashkilotlari o`z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etmoqda. Sian shahrining Chyuszan xalqaro ko`rgazmalar markazida o`tkazilayotgan ushbu nufuzli yarmarkada O`zbekiston mahsulotlari o`ziga xos dizayni, raqobatbardoshligi va keng assortimenti bilan ajralib turibdi.
Mazkur xalqaro yarmarkada mamlakatimizning mashinasozlik, to`qimachilik va oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari va karton-qog`oz mahsulotlari ishlab chiqarish, mebelsozlik, ko`nchilik, kimyo sanoati, sarmoya va mehmonxona xo`jaligi kabi tarmoqlarda faoliyat yuritayotgan etmishdan ortiq kompaniya va korxonalari ishtirok etmoqda. “Yagona Hamkor Nuri”, “Mumtoz Lyuks Tekstil”, “Fabrika Namuna”, “Pokizaxon”, “Shukur Toji Baraka”, “Nukus Agro”, “Farg'ona Kimyo Zavodi”, “Saxovat-Teks”, “Xorazm Gilamlari”, “Kinder Fruits”, “NBU Invest Group”, “Quva Qandolatlari”, “Vodiy Muzqaymog'i”, “Andburservis”, “Istiqlol Sanoat Medservis” kabi sanoat muassasalari shular jumlasidandir.
Yarmarkada mamlakatimiz tadbirkorlari tomonidan namoyish etilayotgan mahsulotlar anjuman ishtirokchilarida katta qiziqish uyg`otmoqda. Shuningdek, chet ellik ishbilarmonlarga O`zbekistondagi qulay sarmoyaviy muhit haqida ma`lumot berilmoqda.
Sian xalqaro sanoat yarmarkasi turli mamlakatlar ishbilarmonlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalar o`rnatish, istiqbolli loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish uchun yaxshi imkoniyatdir. Mamlakatimiz tadbirkorlari bundan samarali foydalanib, o`z mahsulot va xizmatlarini eksport qilish bo`yicha kelishuvlarga erishmoqda.
Yarmarka 26 mayga qadar davom etadi.